O‘zbekiston | 12:00
2224
3 daqiqa o‘qiladi

Ayrim onlayn-platformalarga O‘zbekiston hududida kirish tezligi sud qarori asosida pasaytirilishi mumkin 

Vakolatli organ bilan tizimli ravishda hamkorlik qilmay kelgan onlayn-platformalarga O‘zbekiston hududida kirish tezligini sud qarori asosida pasaytirish nazarda tutilgan. Butunlay bloklash amaliyotidan voz kechiladi.

"Onlayn platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

AOKA ma’lumotiga ko‘ra, 2017-2025 yillarda Internet foydalanuvchilari soni 14,7 mlndan 32,7 mlnga oshgan.  Eng ommabop platformalar orasida:

  • Telegram - 28 mln;
  • Odnoklassniki -  19,2 mln;
  • Facebook - 2,3 mln;
  • "VKontakte" - 1,5 mln;
  • LinkedIn - 850 ming;
  • Twitter - 250 ming nafar o‘zbekistonlik foydalanuvchi mavjud.

Bugungi kunda onlayn platformalar foydalanuvchilari qanday huquqlarga egaligi borasida qonunchilikda aniq normalar mavjud emas, axborot tarqatishga oid talablar esa milliy qonunchilikda tizimli va yetarli darajada tartibga solinmagan, tarqoq holda belgilangan. 

Internet foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish zaruratidan kelib chiqib, turli davlat va jamoat tashkilotlari, media sohasi ekspertlari ishtirokida “Onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. 

Unda onlayn-platformalar sohasidagi amaldagi qonunchilik sezilarli liberallashtirilib, tartibga solishdagi mavjud bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgan normalar nazarda tutilmoqda. 

Qonun loyihasining asosiy maqsadlari va prinsiplari:

qonuniylik – onlayn muhitdagi barcha faoliyat qonun doirasida amalga oshiriladi;
foydalanuvchilar huquqlarining ustuvorligi – foydalanuvchilarning ma’lumot olish, fikr bildirish va xavfsiz internetdan foydalanish huquqlari ta’minlanadi;
senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi – qonun bilan taqiqlanmagan kontentga nisbatan erkinlik kafolatlanadi;
shaffoflik va xavfsizlik – noqonuniy kontentning tarqalishiga qarshi kurashiladi va shaxsiy ma’lumotlarning xavfsizligi ta’minlanadi.

Ushbu qonun loyihasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ommaviy axborot vositalarining Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-saytlariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ularning faoliyati  “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solingan.

Qonun loyihasi bilan vakolatli organ bilan tizimli ravishda hamkorlik qilmay kelayotgan onlayn-platformalarga O‘zbekiston hududida kirish tezligini sud qarori asosida pasaytirish nazarda tutilmoqda. Butunlay bloklash amaliyotidan voz kechilmoqda.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikdagi blogerlarga majburiyat sifatida ko‘rsatilgan bajarishi qiyin bo‘lgan normalar qayta ko‘rib chiqilgan. 

Qonun loyihasi bilan anonim profillarga, kanal va guruhlarga qarshi kurashishning zamonaviy yechimi taklif etilmoqda.

Qonun loyihasida onlayn-platforma va veb-saytlardagi kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Muhim jihatlardan biri –  fishing va spam resurslar ham noqonuniy axborot (kontent) jumlasiga kiritilmoqda. 

Yangi qonun loyihasi orqali yangi javobgarlik choralari, jarimalar belgilanishi ko‘zda tutilmagan, yuqoridagi majburiyatlarni bajarmagan taqdirga ularga nisbatan huquqiy choralar sifatida moliyaviy sanksiyalar yoki boshqa jazo turlari ko‘zda tutilmagan.

Mavzuga oid