Jahon | 08:11
3527
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya: Rossiya muzokaralardan oldin sulhga rozi bo‘lishi kerak

Germaniya kansleri idorasi rahbarining fikricha, Rossiya Ukrainada tinchlik muzokaralari boshlanishidan oldin 30 kunlik otashkesimga rozi bo‘lishi kerak.

Torsten Fray Foto: Annegret Hilse/REUTERS

Germaniya hukumati Ukrainadagi urushni tugatish uchun tinchlik muzokaralari boshlanishidan oldin Rossiya 30 kunlik otashkesimga rozi bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqda. Bu pozitsiyani federal kansler idorasi rahbari Torsten Fray 11 may, yakshanba kuni ARD telekanalidagi Caren Miosga dasturida aytib o‘tdi.

«Bu ketma-ketlik shunday bo‘lishi kerak: birinchi navbatda o‘t ochishni to‘xtatish, keyin muzokaralar — buni sog‘lom fikr talab qiladi», dedi Fray.

Germaniya rasmiysiga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘zi e’lon qilgan uch kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga amal qilmagan – raketa hujumlari hatto kuchaygan.

«Shuning uchun bizga endi bunday muzokaralar nafaqat bo‘lib o‘tishi, balki muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun haqiqiy istak borligini ko‘rsatuvchi ishonchli belgi kerak», — deya qo‘shimcha qildi Xristian-demokratik ittifoq siyosatchisi.

Mavzuga oid