O‘zbekiston | 12:59
1170
2 daqiqa o‘qiladi

Lisenziyasiz xorijga ishga jo‘natayotganlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilmoqda - Migratsiya agentligi

Agentlik tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida “WORLDVISA” MChJ, “Everyone Consult” MChJ va “Adworld Group” MChJ o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi e’lonlari orqali yurtdoshlarni xorijga ishga yuborish xizmatlarini ko‘rsatayotganliklari, fuqarolardan pul yig‘ib, xizmat ko‘rsatmaganlik holatlari aniqlangan.

Ushbu jamiyatlarga nisbatan huquqbuzarliklar yuzasidan tegishli jarimalar qo‘llanildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 22 apreldagi 252-sonli qaroriga muvofiq, fuqarolarini xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish faoliyati bilan Migratsiya agentligi shug‘ullanadi.

Shuningdek, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, mazkur faoliyatni litsenziya asosida amalga oshirish huquqi faqat Migratsiya agentligi tomonidan litsenziya olgan xususiy bandlik agentliklariga berilgan.

Biroq so‘nggi paytlarda litsenziyaga ega bo‘lmagan holda, fuqarolarni xorijga ishga joylashtirishni va’da qilib, konsalting yoki axborot xizmati niqobi ostida noqonuniy faoliyat yurituvchi shaxslar ko‘paymoqda.

MIGRATsIYa AGeNTLIGI OGOHLANTIRADI:

Lisenziyaga ega bo‘lmagan tashkilotlar orqali xorijda ishga joylashishga urinish fuqarolarning moliyaviy va huquqiy xavf-xatarga duchor bo‘lishiga olib keladi.

Xavfsizligingiz o‘z qo‘lingizda:

▪️ Rasmiy ro‘yxatdagi agentliklar bilan hamkorlik qiling.

▪️ Har qanday shartnomani imzolashdan oldin uni sinchiklab o‘qib chiqing.

▪️Shubhali to‘lovlarni amalga oshirmang.

Sizning huquqlaringiz va xavfsizligingizni ta’minlash – Migratsiya agentligining ustuvor vazifasidir.

Qo‘shimcha ma’lumot: Telegram

 

Mavzuga oid