Iqtisodiyot | 16:27
1896
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Eron imtiyozli savdo bitimi bo‘yicha tovarlar ro‘yxatini kelishib oldi

Tehronda bo‘lib o‘tgan hukumatlararo uchrashuvda O‘zbekiston va Eron o‘rtasida ko‘p yillardan beri yechimini kutayotgan transport-logistika masalalarini zudlik bilan hal etish lozimligi ta’kidlandi.

Foto: O‘zbekiston bosh vazirining matbuot xizmati

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 11 may kuni Tehronda Eron birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Oref bilan muzokara o‘tkazdi.

Tomonlar o‘zaro savdoni 2 milliard dollarga chiqarish imkoniyatlarini muhokama qildi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston hukumati matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, rasmiy Toshkent transport-logistika sohasida ko‘p yillardan beri yechimini kutayotgan masalalarni zudlik bilan hal etish lozim deb hisoblaydi.

Uchrashuv yakunida quyidagi hujjatlar imzolandi:

  • O‘zbekiston va Eron o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi";
  • Imtiyozli savdo bitimining tovarlar ro‘yxatini tasdiqlash bayonnomasi;
  • O‘simliklar himoyasi va karantini sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi;
  • “Halol” standarti sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 25 fevraldan boshlab O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida erkin savdo rejimi amal qila boshlagandi.

Mavzuga oid