O‘zbekiston | 08:55 / 12.05.2025
8125
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ko‘p qavatli turar joy qurish uchun berilgan xulosa sudda bekor qilindi

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi sanoat zonasida qurilayotgan “Botanika” turar joy majmuasi hududdagi tadbirkorlarning e’tirozi sabab to‘xtatiladigan bo‘ldi: sud Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasining ushbu manzilda ko‘p qavatli turar joy qurish uchun berilgan xulosasini haqiqiy emas deb topdi. Bosh prokuror quruvchi foydasiga sud qarorini bekor qilish bo‘yicha protest kiritgan.

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Botanika” bog‘i yaqinida joylashgan sanoat zonasi hududida qurilayotgan “Botanika” nomli turar joy majmuasi bo‘yicha 1 yildan buyon sudlashuv davom etmoqda. Tadbirkorlar ushbu turar joy majmuasi belgilangan talablarga zid ravishda sanoat zonasida qurilyapti, deb hisoblashmoqda. Kun.uz ishga doir sud hujjatlari bilan tanishdi. 

Ish hujjatlariga ko‘ra, “United Industrial Equipment” MChJ sudga murojaat qilib, Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasining sanoat zonasida “dom” qurish huquqini beruvchi 2023 yil 15 avgustdagi 1726269-126017-sonli ruxsatnomasini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan. Bundan tashqari suddan qurilish bosh boshqarmasining 2023 yil 22 sentabrdagi 95161354-sonli xulosasini ham haqiqiy emas deb topish so‘ralgan.

Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining 2024 yil 19 apreldagi hal qiluv qarori bilan MChJlarning talablarini qanoatlantirish rad qilingan. So‘ngra ish Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan.

Sudda ishtirok etgan Sanitariya – epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi mutaxassisi “dom” qurilayotgan manzil sanoat zonasida joylashganini, belgilangan talablarga asosan turar joy binolari omborlardan kamida 50 metr masofada joylashgan bo‘lishi kerakligini, mavjud sanitariya me’yorlariga mos kelmasligini bildirgan. 

Mirzo Ulug‘bek tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mutaxassisi esa “United Industrial Equipment” va “Unieq Finance Leasing” MChJlar hududidan “Botanika” ko‘p qavatli turar joy binosi fundamentigacha bo‘lgan orqaliq masofa 4,6 metrni va eng uzoq masofa 8,3 metrni tashkil etishini, shu bois binoni joylashtirish sxemasida ko‘rsatib o‘tilgan oraliq masofa talabi buzilganini ma’lum qilgan. 

Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasining 2024 yil 29 iyundagi qarori bilan dastlabki sud qarori o‘zgartirilgan va javobgar Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasining 2023 yil 22 sentabrdagi 95161354-sonli xulosasi haqiqiy emas deb topilgan. Shuningdek, apellyatsiya instansiyasi sudi Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasiga nisbatan xususiy ajrim ham chiqargan. Unda boshqarma tomonidan qayd etilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida chora-tadbirlar belgilash va natijasi yuzasidan bir oy muddatda Toshkent shahar ma’muriy sudiga xabar berish belgilangan.

Toshkent shahar ma’muriy sudi taftish instansiyasining 2024 yil 13 sentabrdagi qarori bilan apellyatsiya instansiyasi qarori va xususiy ajrimi bekor qilinib, dastlabki sud qarori o‘z kuchida qoldirilgan.

Ish shu tariqa bir instansiya boshqasining qarorini bekor qilgan holda Oliy sudga yetib kelgan. Oliy sud ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining 2025 yil 27 yanvardagi qarori bilan esa Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasining 2024 yil 29 iyuldagi qarori va xususiy ajrimi o‘z kuchida qoldirilgan.   

Bosh prokuror Oliy sud ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining qarorini bekor qilish bo‘yicha protest kiritgan. 

"Botanika" TJM vakilining Kun.uz'ga tushuntirishicha, mazkur hudud prezidentning 2023 yil 26 iyuldagi "Toshkent shahrini 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 25 martdagi 149-sonli qaroriga muvofiq Toshkent shahrida renovatsiya loyihalari doirasiga tushgan. 

Hukumatning tegishli qaroriga muvofiq nizoli hudud renovatsiya hududi hisoblanib, u yerda joylashgan sanoat, kommunal-ombor, ishlab chiqarish obektlarini shahardan tashqariga chiqarish belgilangan. Qurilayotgan turar-joy majmuasi esa, Toshkent shahrining yangi Bosh rejasida aks etgan. 

Qo‘shimcha qilinishicha, bularning barchasi Bosh prokuror tomonidan Oliy sud Rayosatiga kiritilgan protestda asoslantirib berilgan.

Mavzuga oid