Zelenskiy Putinni yuzma-yuz gaplashishga chaqirdi. Rossiya nega otashkesimni cho‘zyapti?
Rossiya–Ukraina urushida ayniqsa Rossiyaning siyosiy ohangi o‘zgarib bormoqda. Putin 15 may kuni Istanbulda ikki tomonlama muzokaralarni boshlashni taklif qildi, Ukraina va G‘arb esa 30 kunlik otashkesimni talab qilmoqda. Kun.uz so‘nggi voqealarni sharhlash uchun siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Shuhrat Rasulga murojaat qildi.

— Putin nega dastlabki shartlarsiz muzokara o‘tkazishga chaqiryapti? Moskvada real xohish bo‘lsa, dastlabki 30 kunlik sulhga rozi bo‘lmasmidi?
Shuhrat Rasul: Putin “shartlarsiz muzokaralarga tayyormiz” deguncha, Rossiya tomoni doimiy shartlarini aytib kelayotgandi, Eng oxirgi sharti – aynan 30 kunlik otashkesimga rozi bo‘lsak, Ukrainaga G‘arbdan qurol-yarog‘ yetkazish ham shu vaqt ichida to‘xtatib turilishi kerak, degan edi. Lekin Putinning yarim tunda bergan bayonotlariga nimalar ta’sir qildi?
Menimcha, birinchi faktor bu – Yevroittifoq 17-sanksiyalar paketini tayyorlagani bo‘lishi mumkin. Ikkinchi asosiy faktor – Amerika Qo‘shma Shtatlari kongressmenlari Rossiyaga emas, bu safar Rossiyadan neft va neft mahsulotlari, energetika mahsulotlarini sotib oladigan davlatlarga 500 foizlik boj solish bilan tahdid qildi.
Lekin eng asosiy va hal qiluvchi faktor bu yerda Rossiyaning bugungi kundagi iqtisodiy holati deb hisoblayman. Bir necha kun oldin Rossiya Markaziy banki raisi Elvira Nabiullina Rossiya milliy valutasining devalvatsiyaga uchrab qolish ehtimoli haqida gapirdi. Buni biz avvalgi suhbatlarimizda aytgan edik, menimcha, shu ham katta ta’sir ko‘rsatyapti. Rubl kursini sun’iy ushlab turishdi, chunki 9 may bayramini o‘tkazib olishlari kerak edi.
Kamoliddin Rabbimov: Putin agar 30 kunlik sulhga rozi bo‘lib, Ukrainaga imkoniyat beradigan bo‘lsa, Rossiya yutqaza boshlaydi. Chunki Rossiya urush orqali Ukrainaga muttasil bosim qilib turibdi. Ya’ni Ukrainaning juda ham ko‘plab shaharlari dronlar va samolyot, artilleriya, bombalar ostida turibdi va Ukrainaning dam olishiga, kuch to‘plab olishiga Rossiya imkoniyat bera olmaydi.
Qish o‘tdi, bahor o‘tdi, mana yoz kelib, yerlar qattiqlashib boshladi. Bu Rossiyaning qo‘shimcha hududlarni egallab olish imkoniyatlarini oshiradi. O‘tgan yillarda yoz kelishi bilan urush qizg‘in pallaga o‘tgan va kech kuzda yana intensivlik biroz pasaygan. Sababi u yerdagi yer yumshoq, yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgani uchun harbiy texnikaning harakatlanishi masalasi bor.
Undan tashqari, hozirgi Ukraina atrofidagi geosiyosiy fonda uchlik bor: AQSh, Rossiya va Ukraina. Bu uchlikda Kiyevning maqsadi nima? Bir tomondan, Donald Trampning qahriga uchramaslik. Ya’ni biz haqiqatda tinchlik istaymiz, biz haqiqatda urushni to‘xtatishni xohlaymiz deyish va ayni paytda o‘zining strategik imkoniyatlarini Rossiyaga berib qo‘ymaslik. Shuning uchun Donald Tramp nigohida asosiy aybdor Putin bo‘lishi kerak va shuning uchun ham biz kelishishga tayyormiz degan bayonotlar berilyapti. Putin bir oylik sulhni qabul qila olmasligini Zelenskiy juda ham yaxshi biladi.
G‘arbda hozir ikkita paket bor, bular: Amerikaning paketi va Yevropa Ittifoqining. Mana, kecha Yevropa Ittifoqidagi eng kuchli to‘rtta davlat (Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Polsha) rahbarlari Kiyevga kelishdi. Bular aynan Ukraina tarafdori va Putinga juda ham qarshi bo‘lgan davlatlar. Ularning paketi Donald Tramp taklif qilayotgan paketdan ancha yaxshiroq, ya’ni qancha kerak bo‘lsa shuncha yoki Ukraina g‘alaba qozonguniga qadar Ukrainani qo‘llab-quvvatlash. Zelenskiyning konfiguratsiyasi – Putinni aybdor qilish.
***
Tahlilchilar suhbat davomida Ukrainaning 30 kunlik so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish taklifi va Putinning parallel muzokara chaqiruvi o‘rtasidagi farqlar, Rossiya uchun Zelenskiyning legitimligi masalasi, muzokara davomida frontdagi harbiy harakatlar istiqboli kabi mavzuning muhim nuqtalarini muhokama qildi.
Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid

16:55 / 12.05.2025
Rossiya va Ukraina 2022 yildan buyon ilk muzokaralarga tayyorlanmoqda. Otishmalar davom etmoqda

14:54 / 12.05.2025
Rossiya TIV: Avval Istanbuldagi muzokaralar, keyin - sulh mavzusi

14:24 / 12.05.2025
Londonda TIV rahbarlari darajasida Ukraina bo‘yicha uchrashuv o‘tkaziladi

13:49 / 12.05.2025