O‘zbekiston | 22:46 / 13.05.2025
1523
5 daqiqa o‘qiladi

12 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekistonlik ziyoratchilarning dastlabki guruhi Haj tomon yo‘lga chiqdi, O‘zgidromet havo harorati 43 darajagacha ko‘tarilishidan ogohlantirdi, Navoiyda 55 yoshli ayol hujjatlarda erkak sifatida qayd etilgani aniqlandi, IIV Mubashshir Ahmad ishi bo‘yicha ma’lumot berdi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Haj safari boshlandi

Bugun, 13 may kuni Haj safarini niyat qilgan o‘zbekistonliklarning dastlabki guruhi Hajga tomon yo‘lga chiqdi.

Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, shuningdek, taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘ldi.

Shunday qilib, «Haj – 2025» mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 13-28 may kunlari o‘zbekistonlik ziyoratchilar 9 ta hudud – Toshkent, Buxoro, Namangan, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Navoiy va Nukus shaharlaridagi aeroportlar orqali Madina shahriga kuzatiladi.

Havo harorati 40 darajadan oshadi

«O‘zgidromet» 14−16 may kunlari O‘zbekistonda kutilayotgan juda issiq ob-havo haqida favqulodda ma’lumot e’lon qildi.

Unga ko‘ra, 14 mayda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida, 15–16 may kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida havo harorati kunduz kunlari +39…+41 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +42…+43 darajagacha ko‘tariladi.

14–15 may kunlari shimoliy va cho‘l zonalarida, 16–17 may kunlari respublika bo‘ylab ba’zi joylarda shamol 15–18 metr/soniyagacha kuchayishi, chang-to‘zonli «qor» yog‘ishi kutilmoqda.

17 may kuni ayrim tumanlarda shamol tezligi 20–22 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin.

Hujjatda erkak, aslida ayol

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida 55 yoshli ayol hujjatlarda erkak sifatida qayd etib kelingani aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, holat Navoiy viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan aksiya doirasida aniqlangan. Qiziltepa tumanida yashovchi Erkinoy Tilavovaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasiga ismi Erkin Tilavov hamda jinsi erkak sifatida yozilgan. Ayol pensiyaga chiqish paytida ushbu xatolik tufayli muammoga duch kelgan.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi mudirasi Marusa Nosirovaga ko‘ra, xato «metrika» bilan fuqarolik pasporti ham olingan.

«Hujjatga ota-onaning o‘zlari tuzatish kiritib qo‘yishgan va bu bilan fuqarolik pasporti olingan. Bugungi kunda elektron tizim bo‘lgani sababli muammoga duch kelishgan», degan Marusa Nosirova.

Holat yuzasidan Qiziltepa tumani Adliya bo‘limi tomonidan FHDYo hamkorligida sudga fuqarolik faktini belgilash bo‘yicha da’vo arizasi kiritilgan.

Mubashshir Ahmad Turkiyadan deportatsiya qilindi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy ulamo Alisher Tursunovning O‘zbekistonga deportatsiya qilingani va qamoqqa olinganini tasdiqladi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, qidiruvda bo‘lgan 51 yoshli Alisher Tursunov 8 may kuni Turkiyada ushlanib, 10 may kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.

«Alisher Tursunov ta’sisligidagi axborot platformalari orqali ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan ma’lumotlarda, tegishli ekspertiza xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston qonunchiligiga zid axborot mavjud bo‘lganligi sababli, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 244 prim 1-moddasi va 244 prim 3-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi», – deyiladi vazirlik axborotida.

Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda jinoyat ishi doirasida tegishli tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida faol bo‘lgan diniy ulamo – O‘zbekistonda bir necha yil faoliyat yuritgan Azon.uz va Azon TV kabi ma’rifiy loyihalar hamda bir nechta diniy kitoblar muallifi hisoblanadi.

Mavzuga oid