Fan-texnika | 22:14 / 13.05.2025
1289
2 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask Tesla’ning raqsga tushayotgan roboti videosi bilan bo‘lishdi

Optimus robotining yangi versiyasi oldingisidan 30 foiz tezroq harakat qiladi va undan 10 kilogrammga yengil.

Foto: Videodan kadr

Amerikalik milliarder Ilon Mask o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali Tesla kompaniyasi tomonidan yaratilgan Optimus nomli humanoid robotning raqsga tushayotgani tasvirlangan video bilan bo‘lishdi.

Tesla robotlar dasturini boshqaruvchi Milan Kovachning so‘zlariga ko‘ra, Optimus roboti avtonom agentlarning qaror qabul qilishiga asoslangan dasturiy ta’minot orqali takomillashtirilgan. Uning raqsi «datlabki natijalar bo‘lib, tez orada u yanada barqarorlashadi».

Maskning ta’kidlashicha, kadrlarda ko‘zga tashlangan xavfsizlik trosi robot muvozanatini saqlash uchun emas, balki uning yiqilib ketishining oldini olish uchun o‘rnatilgan. «Bu real vaqt rejimida tasvirga olingan», — deydi biznesmen.

Tesla yangilangan Optimus robotini 2023 yil dekabr oxirlarida taqdim etgandi. Oldingi versiya bilan taqqoslaganda u harakatlarni yaxshiroq nazorat qilishni o‘rganib olgan. Bundan tashqari, robot o‘zidan oldingi versiyasidan 30 foiz tezroq harakat qiladi va 10 kilogrammga yengil.

Avvalroq yaponiyalik ishlab chiqaruvchilar keksalar uchun turli murakkablikdagi parvarish vazifalarini bajara oluvchi robotni taqdim etgandi. 150 kilogrammli humanoid robot bemorlarning tagliklarni almashtirish, yotoq yarasining oldini olish uchun ularni ag‘darib turish, ularga o‘tirishga yordam berish, paypoq kiydirish, tuxum qovurish, kiyimlarni taxlash va boshqa maishiy yumushlarni bajara oladi.

Mavzuga oid