Jamiyat | 11:43
9372
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda 55 yoshli ayol hujjatlarda erkak sifatida qayd etib kelingani aniqlandi

Qiziltepa tumanida yashovchi Erkinoy Tilavova pensiyaga chiqmoqchi bo‘lganida g‘aroyib muammoga duch keldi: uning “metrika”siga Erkin Tilavov ismi yozilgani, jinsi esa erkak sifatida ko‘rsatilgani ma’lum bo‘ldi. Tug‘ilganlik guvohnomasidagi bu chalkashlikni o‘sha paytda ota-ona ruchkada bo‘yab, tuzatib qo‘yishgan. Ammo bu xatolik tizimda tuzatilmasdan qolib ketgan.

Foto: Videodan kadr

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida 55 yoshli ayol hujjatlarda erkak sifatida qayd etib kelingani aniqlandi. Bu haqda Davr dasturida xabar berildi.

Ma’lum bo‘lishicha, holat Navoiy viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan «Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi» aksiyasi doirasida aniqlangan. Qiziltepa tumanida yashovchi Erkinoy Tilavovaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasiga ismi Erkin Tilavov hamda jinsi erkak sifatida yozilgan. Ayol pensiyaga chiqish paytida ushbu xatolik tufayli muammoga duch kelgan.

“Pensiyaga chiqish uchun hujjat tayyorlab yurgandim, arxivdan Tilavov Erkin chiqdi. “Metrika”ngiz chalkash deyishdi. Shu paytgacha hujjatlarga ishim tushmagandi”, degan Erkinoy Tilavova.

Qiziltepa tumani FHDYo bo‘limi mudirasi Marusa Nosirova xato “metrika” bilan fuqarolik pasporti ham olinganini bildirgan.

“Biz elektron tizim va Erkinoy Tilavova qo‘lidagi hujjatlarni taqqoslab ko‘rganimizda fuqaroning tug‘ilish dalolatnoma yozuvlarida erkak jinsli farzand tug‘ilgani, familiyasi Tilavov va ismi Erkin ekani to‘g‘risida ma’lumotlar yozilgani aniqlandi. Hujjatga ota-onaning o‘zlari tuzatish kiritib qo‘yishgan va bu bilan fuqarolik pasporti olingan. Bugungi kunda elektron tizim bo‘lgani sababli muammoga duch kelishgan”, degan Marusa Nosirova.

Holat yuzasidan Qiziltepa tumani Adliya bo‘limi tomonidan FHDYo hamkorligida sudga fuqarolik faktini belgilash bo‘yicha da’vo arizasi kiritilgan.

Mavzuga oid