Samarqandda Kuvayt biznes markazi ochilishi mumkin
O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Rahmatulla Nazarov, Kuvaytdagi elchi Ayub Yunusov va Ummondagi elchi Abdusalom Hotamov Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.

Foto: "Dunyo" AA
O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari safar davomida viloyat rahbariyati, ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi va yetakchi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Xususan, Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev bilan kechgan muloqot chog‘ida xorijiy mamlakatlarda viloyatning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish, salohiyatli investorlarni jalb etish, hududda yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksporti hajmini yanada oshirish to‘g‘risida fikr almashildi.
Samarqand viloyat rahbari xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni jadallashtirish uchun mavjud imkoniyatlar, infratuzilma va logistika haqida batafsil ma’lumot berdi. Ta’lim sohasida ilm-fanni yanada rivojlantirish bo‘yicha chet davlatlar bilan hamkorlik qilib, ularning tajribalarini o‘rganish zarurligini ta’kidlandi.
Samarqand viloyati va xorijiy mamlakatlar o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy munosabatlar, ta’lim, turizm va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi istiqbolli dasturlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistoning Belarusdagi elchisi Rahmatulla Nazarov Samarqand viloyatining Belarus bilan hamkorligini yana rivojlantirish bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari surdi. Jumladan, sut mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi jihozlari ishlab chiqaruvchilar bilan qo‘shma klasterlar ochish, Samarqanddan poliz mahsulotlarini ushbu davlat bozoriga yetkazib berish va buning uchun logistikani rivojlantirish, Samarqand va Minsk universitetlari bilan talabalar almashinuvi, ilmiy loyihalar bo‘yicha ish olib borish, Minsk – Samarqand yo‘nalishida aviaqatnovlarni tashkil etish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
O‘zbekistonning Ummondagi elchisi Abdusalom Hotamov Samarqandning turizm sohasidagi salohiyati va mavjud imkoniyatlarini sultonlikda keng targ‘ib etishga e’tibor qaratdi. "Chunki, Ummonda yurtimizdagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, muqaddas maskanlarga qiziqish juda yuqori. Agar Maskat –Samarqand yo‘nalishida doimiy yoki mavsumiy charter aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilsa, bu qulay imkoniyat bo‘ladi. Shuningdek, ummonlik turoperatorlar uchun Samarqandga info-turlar tashkil etish, sayyohlarga maxsus turpaketlar taklif etish ham o‘z samarasini berishi tabiiy", dedi elchi.
Kuvaytdagi elchi Ayub Yunusov Samarqandda "Kuvayt biznes markazi" ochish, Kuvayt fondi bilan viloyatda infratuzilma, yo‘l qurilishi, suv ta’minoti va sog‘liqni saqlash sohalarida loyihalarni moliyalashtirish taklifini bildirdi. "Kuvayt universitetlari bilan hamkorlikda Samarqandda islomshunoslik, huquqshunoslik va tibbiyot yo‘nalishlarida qo‘shma ta’lim dasturlarini ochish bo‘yicha ham takliflar bor", dedi elchi Ayub Yunusov.
Muloqot yakunida bildirilgan takliflar asosida "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqishga kelishib olindi.
Mavzuga oid

13:10
Kuvaytlik shifokorlar Qoraqalpog‘istonda jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazdi

11:00 / 12.05.2025
Kuvayt bilan neft-kimyo sohasida 850 mln dollarlik loyihalar amalga oshiriladi

12:02 / 11.05.2025
Samarqanddagi uyda gaz portlashi qurbonlari soni oshdi

15:18 / 09.05.2025