Jamiyat | 22:10 / 13.05.2025
2499
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ko‘p qavatli uy tomiga o‘zboshimchalik bilan restoran qurilgani aniqlandi

Qurilish vazirligi mas’ullari tomonidan restoranni buzib tashlash bo‘yicha uning egasiga ko‘rsatma berildi.

Foto: Videodan kadr

Poytaxtning Yakkasaroy tumanida fuqaro ko‘p qavatli uyning tomiga restoran qurib olgani aniqlandi, deb xabar beradi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan reyd tadbirlari o‘tkazilgan. Tadbir davomida Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyning tom qismida shaharsozlik qoidalariga zid ravishda restoran qurilgani aniqlangan.

«Bunday holatlar nafaqat shaharsozlik me’yorlari va qonunchilikka zid, balki ko‘p qavatli uylarning konstruktiv bardoshlilik darajasiga bevosita tahdid soladi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, fuqaro o‘zboshimchalik bilan 13 qavatli uyning tomiga 14-qavat qilib oynavand restoran qurib olgan. Restoranni buzib tashlash bo‘yicha uning egasiga ko‘rsatma berilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil sentabrda Samarqandda fuqaro ko‘p qavatli uyning pentxaus qismida basseyn qurib olgani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid