Jahon | 18:35 / 13.05.2025
1490
3 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro jinoiy sud orderi bilan hibsga olingan Filippin sobiq prezidenti mahalliy saylovlarda g‘alaba qozondi

Haagada hibsda saqlanayotgan Rodrigo Duterte Davao shahri meri lavozimiga, uning o‘g‘li esa vitse-merlikka saylandi.

Foto: AP

Filippin sobiq prezidenti Rodrigo Duterte o‘zi tug‘ilgan Davao shahri meri uchun o‘tkazilayotgan oraliq saylovlarda g‘alaba qozondi. Mahalliy saylov komissiyasi Duterte 660 mingdan ortiq ovoz to‘plaganini e’lon qildi. Bu eng yaqin raqibi Karlo Nograles to‘plagan ovozlardan sakkiz barobar ko‘p, deb yozadi Associated Press.

Rodrigo Duterte 2025 yil martdan beri Haagada — u Xalqaro jinoiy sud (XJS) orderiga muvofiq hibsga olingan bo‘lib, sobiq prezident insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanmoqda.

Siyosatchining qizi Sara Dutertening aytishicha, u XJS yuristlari bilan Rodrigo Duterte qanday qilib mer sifatida qasamyod qabul qilish mumkinligini muhokama qiladi.

Hozirda Davao meri lavozimida Rodrigo Dutertening o‘g‘li Sebastyan ishlab kelayotgandi. U vitse-mer lavozimi uchun saylovlarda g‘alaba qozondi. Dutertening yana bir o‘g‘li — Paola esa oraliq saylovlarda kongressga qayta saylangan. Shuningdek, sobiq prezidentining ikki nabirasi mahalliy saylovlarda g‘alaba qozondi.

Filippin saylov qonunchiligi nomzodga mahalliy sud tomonidan «yakuniy ayblov qarori» chiqarilmagunga qadar davlat lavozimi uchun saylovlarda ishtirok etish huquqini beradi.

80 yoshli Rodrigo Duterte Davaoda ulg‘aygan va bir necha bor mer lavozimida faoliyat yuritgan. 1986 yilda u mer o‘rinbosariga aylangan, 1988 yilda esa saylovlarda g‘alaba qozonib, uch muddatga — 1998 yilga qadar mer etib saylangan. 2001 yilda Duterta yana Davao meriga aylangan, 2004 va 2007 yillarda qayta saylangan. 2013 yilda u oxirgi marotaba merlikka saylangan — bu lavozimda u jami 22 yil faoliyat yuritgan. 2016 yilda Duterte Filippin prezidenti etib saylangan va 2022 yilga qadar shu lavozimni egallagan.

2025 yil mart oyida Filippin politsiyasi Duterteni Manila aeroportida Xalqaro jinoiy sud orderiga muvofiq hibsga olgandi. XJS Dutertega nisbatan insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanmoqda. Huquq himoyachilarining ma’lumotlariga ko‘ra, Dutertening prezidentlik vaqtida giyohvand moddalarga qarshi kurash operatsiyalari doirasida 12 ming kishi o‘ldirilgan.

Mavzuga oid