Jahon | 11:20
9536
5 daqiqa o‘qiladi

Masxaralangan ta’lim vaziri va mustaqilligi uchun kurashayotgan universitet – Harvarddagi mojaro

AQSh ta’lim vaziri Linda Makmahonning Harvard universitetiga yuborgan xati shov-shuv va e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Uning xati qizil siyoh bilan tahrirlanib, ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirildi. Foydalanuvchilar esa ta’lim vazirini savodsizlikda ayblab masxara qildi. Xo‘sh, aslida nimalar ro‘y berdi?

Makmahonning muhokamali xati va Harvardning javobi

AQShda yangi ma’muriyat kelishi bilan mamlakatda oliy ta’lim muassasalarini moliyalashtirilmaslik bo‘yicha kampaniya boshlandi. Xuddi shu vaziyat ayni vaqtda dunyoga mashhur Harvard universiteti bilan ham yuz beryapti.

6 may kuni AQSh ta’lim vaziri Linda Makmahon Harvardga xat yo‘lladi. Hukumat vakili buni o‘zining X (sobiq Twitter)dagi sahifasida e’lon qildi. Unda Harvardning yirik moliyaviy jamg‘armasiga qaramay, federal grantlarni olib kelayotgani, ammo o‘zining qonuniy va axloqiy majburiyatlariga amal qilmayotgani ta’kidlanadi.

Harvard universiteti 53,2 milliard dollarlik jamg‘armaga ega bo‘lishiga qaramay (bu ko‘rsatkich 100 ta mamlakatning yalpi ichki mahsulotidan kattaroq) deyarli soliqdan ozod qilingan, har yili soliq to‘lovchilarning milliardlab dollar mablag‘ini oladi. Bu mablag‘larni olish huquq emas, balki imtiyozdir. Shunga qaramay, Harvard pullarni talabalar ta’limini rivojlantirishga sarflash o‘rniga federal qonunlarni muntazam ravishda buzib kelmoqda”, – deyiladi xatda.

Shuningdek, xatda universitetning xorijlik talabalar bilan bog‘liq muammolari, plagiat mojarolari, akademik standartlardan chekinishi va irqiy kamsitish siyosatini davom ettirayotgani haqida gap ketadi. Shu sababli hukumat Harvardga endi yangi federal grantlar ajratilmasligini ma’lum qilgan.

Yuqoridagi va boshqa tashvishli da’volardan kelib chiqib, sizga shuni ma’lum qilamizki, Harvard endi federal hukumatdan grant talab qila olmaydi, chunki grantlar ajratilmaydi. Harvard bundan buyon davlat mablag‘lari bilan emas, balki o‘zining ulkan jamg‘armasi va badavlat bitiruvchilari hisobiga faoliyat yuritadi”, – deya qayd etilgan hujjatda.

Harvard ma’muriyati Makmahonning xati e’lon qilinganidan 3 soat o‘tib o‘zining rasmiy saytiga “Yangi moliyaviy qo‘rquvlar” sarlavhasi bilan munosabatini joylagan:

Bugun biz ma’muriyatdan yana bir xat oldik. Unda Harvard universiteti ustidan misli ko‘rilmagan va noo‘rin nazorat o‘rnatishga urinishlar yana bir bor takrorlanmoqda. Bu talablar oliy ta’lim uchun salbiy oqibatlarni olib kelishi mumkin. Bugungi xatda, shuningdek, 21 aprel kuni Harvard sudga da’vo arizasini topshirgani uchun tadqiqot va innovatsiyalarga ajratiladigan mablag‘larni noqonuniy tarzda to‘xtatish tahdidi yangidan ilgari surilgan.

Harvard qonunlarga amal qilishda, fikrlar xilma-xilligiga hurmatni targ‘ib qilishda va jamiyatimizdagi antisemitizmga qarshi kurashishda davom etadi. Shuningdek, Harvard amerikaliklar xavfsizligi va himoyasi uchun muhim bo‘lgan ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarni bo‘g‘ishga qaratilgan hukumatning noqonuniy aralashuviga qarshi kurashni davom ettiradi”, – deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, avvalroq prezident Donald Tramp ma’muriyati Harvarddan akademik dasturlar va bo‘limlar, shuningdek, talaba, professor-o‘qituvchilar, xodimlarning faoliyatini “audit” qilishni, universitet boshqaruv tuzilmasi va ishga qabul qilish amaliyotlarini o‘zgartirishni talab qilgandi.

Harvard universiteti Donald Tramp ma’muriyatining universitetga nisbatan qo‘ygan talablarini rad etgandi. Universitet prezidenti Alan Garber Harvard o‘zining mustaqilligidan voz kechmasligi, konstitutsiyaviy huquqlarini saqlab qolishini bildirgandi.

Masxaralangan vazir

Linda Makmahonning xati boshqa jihati bilan ham ko‘pchilik e’tiborini tortdi. X tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri vazirning xati qizil siyoh bilan imloviy, grammatik, uslubiy to‘g‘rilanganini ko‘rsatib, tvitida “bizning ta’lim vazirimiz” deya kinoya qilgan.

Ayrim manbalarda bu ish Harvard professorlari tomonidan amalga oshirilgani yozildi. Ammo bu xatni aynan Harvard professorlari tahrirlaganiga oid fakt mavjud emas.

Tahrirlangan xat tvit qilib joylangach, u foydalanuvchilarning e’tiborini tortdi va ta’lim vazirining masxaralanishiga olib keldi.

“[Bu tahrirlangan xat] Shuni ko‘rsatadiki, MAGA (Amerikadagi siyosiy harakat) tarafdorlari savodsizliklarini yashira olishlari uchun aynan X platformasini afzal ko‘rishadi. Axir, bu yerda atigi 280 ta harfgacha yozish mumkin, shunda savodsizlik bilinmaydi”.

“Bu maktubda (men sanaganim bo‘yicha) 37 ta grammatik xato bor. Ularni top va mukofotlan”.

“"Hurmatli AQSh ta’lim vazirligi, birinchi o‘qishdayoq yana xatolar topdim. Keyinroq yana tuzatishlar qo‘shaman”.

“Buni o‘zingiz yozdingizmi yoki sun’iy intellekt yordam berdimi?”

“Ta’lim vaziri, xuddi 3-sinf o‘quvchisidek yozadi…”

Mavzuga oid