Jahon | 14:09
3823
2 daqiqa o‘qiladi

Medinskiy Ukraina bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralardagi vazifani aytdi

Rossiya delegatsiyasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Istanbuldagi muzokaralardan maqsad Ukrainada uzoq muddatli tinchlikka erishishdir. Medinskiy Istanbul muzokaralarini «2022 yilda boshlangan tinchlik jarayonining davomi» deb bilishini aytdi.

Foto: TASS

Ukraina bilan muzokaralardagi Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiyning ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukraina bilan Istanbulda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishdagi vazifasi ertami-kechmi «mojaroning asosiy sabablarini bartaraf etish orqali uzoq muddatli tinchlikka» erishishdir. 15 may, payshanba kuni Istanbulda matbuotga bergan bayonotida Medinskiy Rossiya delegatsiyasi «konstruktiv yondashuv, ehtimoliy yechimlar va aloqa nuqtalarini topish tarafdori» ekanini ta’kidladi.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya delegatsiyasi Istanbuldagi joriy muzokaralarni «2022 yilda to‘xtatilgan tinchlik jarayonining davomi» deb hisoblaydi. «Biz bu muzokaralarni Istanbuldagi tinchlik jarayonining davomi deb bilamiz, afsuski, uch yil avval Ukraina tomoni uni to‘xtatib qo‘ygan. Bizning rasmiy delegatsiyamiz prezident farmoni bilan tasdiqlangan va u muzokaralar olib borish uchun barcha zarur vakolatlarga ega», — dedi Medinskiy.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mudofaa vaziri Rustem Umerov boshchiligidagi delegatsiyani muzokaralar uchun Istanbulga yubordi. Avvalroq u Turkiyaga tashrif buyurgan delegatsiya tarkibiga Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rahbari Andrey Sibiga, Prezident devoni rahbari Andrey Yermak, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Andrey Gnatov, Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari Vasil Malyuk va barcha razvedka idoralari vakillari ham kiritilgani haqida xabar bergan edi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Istanbuldagi muzokaralarning asosiy maqsadi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘lib, Ukraina delegatsiyasi buni muhokama qilish mandatiga ega. Muzokarachilar guruhi 16 may kuni Turkiyada bo‘ladi hamda AQSh vakillari bilan ham uchrashadi, deya qo‘shimcha qildi u.

Mavzuga oid