Shifokor changli havoda amal qilish kerak bo‘lgan tavsiyalarni berdi
Imkon qadar ochiq havoda yurmaslik, ayniqsa, bronxial astma, allergik rinit, allergik kon’yuktivit, tomoq qichishishi bilan kuzatiladigan yo‘tal, bronxit, bronxlar giperreaktivligi va boshqa nafas yo‘li surunkali kasalliklari bor insonlar tashqariga chiqmasligi kerakligi ta’kidlandi.

Foto: Kun.uz
17 may kuni O‘zbekistonning ba’zi hududlarida shamol tezligi kuchayib, chang-to‘zon hodisasi kuzatilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi bunday sharoitda amal qilish kerak bo‘lgan tavsiyalarni berdi.
«Bu vaziyatda imkon qadar ochiq havoda yurmaslik zarur, Ayniqsa, bronxial astma, allergik rinit, allergik kon’yuktivit, tomoq qichishishi bilan kuzatiladigan yo‘tal, bronxit, bronxlar giperreaktivligi va boshqa nafas yo‘li surunkali kasalliklari bor insonlar tashqariga chiqmasligi kerak», dedi Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova.
Ta’kidlanishicha, to‘zonli havo tarkibida o‘simlik changlari, zamburug‘ sporalari juda katta konsentratsiyada bo‘ladi. Shu bois xastaliklari bor kishilar shifokor maslahati bilan allergiyaga qarshi dori vositalari dozalarini oshirishi lozim.
Shu bilan birga, xonalarni nam latta bilan tozalab turish, uy yoki bino ichiga, atrofiga suv solingan idishlar qo‘yish chang darajasini pasaytirishga xizmat qiladi. Qolaversa, bunday vaziyatda nam sochiqlarni osib qo‘yish, konditsioner va havoni tozalash tizimlari ham asqotadi.
Derazalarni yopiq holda saqlash, ko‘proq suv ichish, tez-tez dush qabul qilish nafas olishni yengillashtiradi. Og‘iz va burun bo‘shlig‘ini tuzli eritma bilan yuvib turish ham samara beradi.
Ochiq havoda yurganda, albatta, tibbiy niqob taqib yurish va ularni tez-tez almashtirish shart. Yosh bolalar, homilador ayollar va yoshi katta insonlar ham bunday vaziyatda ehtiyotkor bo‘lishi tavsiya etiladi.
«Agar tashqi muhitdagi changlar tufayli nafas qisishi, burun bitishi, aksirish, burun oqishi, ko‘zlarda va tomoqda qichishish va qizarish, yo‘tal belgilari yuzaga kelsa, oilaviy shifokorga murojaat qiling», deyiladi xabarda.
Mavzuga oid

11:10 / 09.05.2025
Shifokor va hamshiralarni tayyorlash bo‘yicha yagona malaka talablari ishlab chiqiladi

19:13 / 07.05.2025
«Tibbiyot xodimlari sonida va sohani moliyalashtirishda muammo yo‘q. Lekin sifat bo‘yicha e’tirozlar juda ko‘p» - prezident

13:10 / 07.05.2025
Pokiston O‘zbekistonda tibbiyot sohasida loyihani amalga oshirish imkonini o‘rganmoqda

12:35 / 05.05.2025