Jahon | 19:22 / 19.05.2025
1365
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda itlar uchun birinchi fitnes-markaz qurildi

Innovatsion markaz Singapurning hayvonlar salomatligiga ixtisoslashgan Heal Petcare kompaniyasi tomonidan tashkil etildi.

Foto: AP

Xitoyda itlar uchun birinchi fitnes-markaz ochildi, deb xabar beradi South China Morning Post.

Shanxayda tez orada itlar uchun mo‘ljallangan birinchi mashg‘ulot zali — Gogogym ish boshlaydi. Ayni vaqtda u ko‘plab uy hayvonlari egalari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining qiziqishiga sabab bo‘lmoqda.

Qayd etilishicha, ushbu innovatsion markaz Singapurning hayvonlar salomatligiga ixtisoslashgan Heal Petcare kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan. Fitnes-majmua nafaqat mashg‘ulotlar, balki hayvonlar salomatligi uchun kompleks yondashuvlarni ham taqdim etadi. Markazdan quyidagilar o‘rin oladi: itlar uchun yugurish yo‘lagiga ega fitnes zona, spa va reabilitatsiya zonasi, massaj uchun xona, hayvonlar uchun savdo do‘koni.

Markaz xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, bunday muassasani ochishdan maqsad — muntazam jismoniy yuklamalar orqali hayvonlar salomatligini ta’minlash, kasalliklar profilaktikasi va jarohatdan keyingi reabilitatsiya yordamlarini ko‘rsatishdan iborat.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, mazkur loyiha Xitoyda bugungi kunda 10 milliardlab dollarga baholanayotgan uy hayvonlari sohasining jadal sur’atlarda o‘sib borayotganiga yana bir dalil bo‘lmoqda.

Mavzuga oid