Xitoyda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish bo‘yicha tajriba o‘tkazildi
Tajriba doirasida ikki turdagi dronlardan foydalanildi. Kumush yodid moddasini purkash orqali 70 ming metr kub miqdorida yog‘ingarchilik hosil qilindi.

Foto: Ianed
Xitoylik olimlar Shinjon-Uyg‘ur mintaqasida dronlar yordamida sun’iy yomg‘ir yog‘dirishga muvaffaq bo‘ldi. Ular kumush yodid moddasidan foydalangan holda 70 ming metr kub suv miqdoridagi yog‘ingarchilikni hosil qildi — bu taxminan 30 ta Olimpiya suzish havzasiga teng.
Qayd etilishicha, tajriba ikki turdagi dronlar yordamida Tyan-Shan tog‘lari etagida joylashgan Bayanbuloq yaylovlari ustida o‘tkazilgan. Ular 5 ming metr balandlikda harakatlanib, har biri 125 gramm bo‘lgan kumush yodid kukunlarini purkagan. Umumiy sarf — 997 gramm, purkash tezligi esa soniyasiga 28 grammni tashkil etgan.
Kimyoviy modda miqdori kichik bo‘lishiga qaramay, tajriba kutilganidan yuqori natija bergan: qo‘shimcha yog‘ingarchilik 8 ming kilometr kvadrat maydonda kuzatilgan. Olimlarning ta’kidlashicha, bunga bulut qatlamlariga aniq ta’sir o‘tkaza olish orqali erishilgan — bu ilgari texnik jihatdan qiyin deb hisoblanardi.
Tajriba Xitoy meteorologiya boshqarmasining Bulutlar cho‘kishi va ob-havoni modifikatsiya qilish fizika laboratoriyasi hamda Shinjon ob-havoni o‘zgartirish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan. Natijalar uch usulda baholangan: yomg‘ir tomchilarini o‘lchash, 50 yillik iqlim statistikasi tahlili va modellashtirish orqali. Barcha usullar yog‘ingarchilik 3,8–4,3 foizga oshganini ko‘rsatgan.
Kumush yodid bilan bulutlarga ta’sir ko‘rsatish texnologiyasi XX asr o‘rtalaridan beri mavjud, ammo dronlardan foydalanish aniqlikni oshirib, ekologik xavflarni kamaytirdi. Tadqiqot mualliflaridan biri Li Binning so‘zlariga ko‘ra, tajriba bu texnologiyaning qurg‘oqchilikka qarshi kurash va iqlim o‘zgarishlariga moslashuvida katta salohiyatga ega ekanini ko‘rsatgan.
Shinjon mintaqasida yillik yog‘ingarchilik atigi 150 millimetrdan oshmasligi hisobga olinadigan bo‘lsa, ushbu texnologiya suv va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim vositaga aylanishi mumkin.
Mavzuga oid

09:39 / 14.05.2025
AQSh Xitoy tovarlariga bojlarni 120 foizdan 54 foizga pasaytiradi

23:29 / 13.05.2025
Xitoyda yo‘lovchi toza havodan nafas olish uchun samolyotning avariyaviy eshigini ochib yubordi

20:52 / 13.05.2025
Xitoy Ukrainadan Moskvadagi parad vaqtida hujum qilmaslikni so‘ragan

18:45 / 13.05.2025