Jahon | 18:33 / 19.05.2025
858
2 daqiqa o‘qiladi

YeI davlatlari mudofaa xarajatlari uchun 150 mlrd yevrolik fond tuzishga kelishib oldi

Ushbu tashabbusga YeIga a’zo bo‘lmagan davlatlar ham qo‘shilishi mumkin. Xususan, hozirda Buyuk Britaniya bilan bu borada tegishli kelishuvga erishilgan.

Foto: REUTERS

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar mudofaa xarajatlarini moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan 150 milliard yevrolik fond shaklantirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi, deb xabar beradi Bloomberg.

Agentlik manbalarining ma’lumotlariga ko‘ra, fondni tashkil etishga rasman yaqin kunlarda ruxsat beriladi.

Qayd etilishicha, Yevrokomissiya kapital bozorlaridan qarz olish yo‘li bilan fondni tuzadi va keyin ma’lum loyihalarni moliyalashtirish uchun YeI mamlakatlariga ularning so‘rovidan kelib chiqib, mablag‘larni kredit sifatida taqdim etadi. Bloomberg manbasining aytishicha, muhokamada Yevropa Ittifoqi o‘zining mudofaa qobiliyatini yaxshilashda eng ko‘p nimaga muhtoj ekaniga, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar ajratishga e’tibor qaratiladi.

Security Action for Europe (SAFE) nomini olgan tashabbusga YeIga a’zo bo‘lmagan davlatlar ham qo‘shilishi mumkin. Xususan, hozirda Buyuk Britaniya bilan bu borada tegishli kelishuvga erishilgan. Shuningdek, Ukraina ham o‘zining mudofaa qobiliyatini oshiradigan loyihalar uchun mablag‘lar olishi mumkin.

YeI mudofaa qobiliyatini oshirishga qaratilgan fond AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining ushbu sohada Yevropa davlatlariga ko‘rsatiladigan yordamni qisqartirish borasidagi rejasiga javob hisoblanadi.

Mavzuga oid