Yerosti suvlaridan foydalanuvchilar hisoblagich o‘rnatmasa, 5 barobar soliq to‘laydi. Bu qanday ishlaydi?
Yerosti suvlaridan foydalanadigan tadbirkorlar avgustgacha suv hisoblagich o‘rnatishi kerak. Aks holda belgilangan stavkaning 5 barobari miqdorida soliq to‘laydi. Masalan, avtomobil yuvish shoxobchalari uchun suv solig‘i 1 kubometr uchun 15 ming so‘m bo‘lsa, hisoblagich bo‘lmaganda 75 ming so‘mdan hisoblanadi. Sutkasiga 5 kubometrdan ko‘p yerosti suvi ishlatadigan jismoniy shaxslar ham hisoblagich o‘rnatishi kerak.

5 may kuni imzolangan qonun bilan, Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga muvofiq, yerosti suv manbalaridan suv o‘lchash uskunalarisiz suv olinganda soliq stavkasi belgilangan soliq stavkalarining 5 baravari miqdorida belgilanadi.
Bu tartib nima uchun joriy etilgani va qanday ishlashi haqida Soliq qo‘mitasining resurs soliqlar ma’muriyatchiligi boshqarmasi boshlig‘i Nodir Qodirov Kun.uz'ga izoh berdi.
“Suv sathi pasayib borayotgani uchun ushbu norma kuchga kirdi”
— “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga asosan, suv resurslari bir nechta tashkilotlar zimmasida:
- ichimlik suvi tarmog‘idagi suvlarni nazorat qilish “O‘zsuvta’minot” AJ;
- qishloq xo‘jaligi va sug‘orishga mo‘ljallagan suvlarni Suv xo‘jaligi vazirligi;
- yerosti suvlarini Tog‘-kon va geologiya vazirligi;
- tabiiy havzalardagi suvlarni Ekologiya vazirligi nazorat qiladi.
Oxirgi yillarda suv sathining pasayishi, yerosti suvlaridan oqilona foydalanish borasida chora-tadbirlar belgilanganidan kelib chiqib, bu norma kiritilyapti. Ilgari yerosti suvlaridan hisoblagichsiz foydalanganda ta’sirchan soliq stavkalari bo‘lmagan. 2025 yil 5 avgustdan yangi qonun kuchga kiradi. Kim yerosti suvidan hisoblagichsiz foydalansa, endilikda ular soliqni 5 barobar qimmat to‘laydi. Bu – yerosti suvini tejashga qaratilgan choradir.
Shuningdek, yerosti suvidan foydalanish maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi. Ya’ni jismoniy shaxslar 5 kub metrgacha ishlatsa, ruxsatnoma olish talab etilmaydi. Lekin tadbirkorlik sub’yektlari uchun yerosti suvlaridan foydalanganda, albatta, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligidan ruxsatnoma olishi kerak.
Yerosti suvlaridan hisoblagichsiz foydalanganda qancha soliq to‘lanadi?
— Soliq stavkalari har yili budjet parametrlari tasdiqlanganda belgilanadi. Bugungi kunda:
- iqtisodiyotning aksariyat tarmoqlari, shuningdek, sanoat korxonalari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va daromad olish uchun mo‘ljallangan ko‘chmas mulkka egalik qiluvchi jismoniy shaxslar yerosti suvining 1 kub metri uchun 700 so‘m, yerusti suvi uchun 850 so‘m soliq to‘laydi;
- elektrostansiya va kommunal xizmat korxonalari yerusti suvlari uchun 110 so‘m, yerosti suvi uchun 135 so‘m;
- qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish barcha korxonalar 100 so‘m;
- transport vositalarini yuvish xizmatini ko‘rsatuvchilar (ham yerosti, ham yerusti) 15 ming so‘m;
- pivo va vinodan tashqari alokogolsiz ichimliklarni ishlab chiqaruvchilar (ham yerosti, ham yerusti) 38 ming so‘m soliq to‘laydi.
Mana shu 5 toifadagi korxonalar yerosti suvidan hisoblagichsiz foydalangan taqdirda, 5 avgustdan boshlab 5 barobar soliq to‘laydi.
Deylik, avtotransport vositalarini yuvishda 1 kub metr suv uchun soliq 15 ming so‘m bo‘lsa, hisoblagich bo‘lmaganda shuning 5 barobari, ya’ni 75 ming so‘m soliq to‘lashga to‘g‘ri keladi. Ilgari bu norma yanvardan kuchga kirganda 10 foiz edi. Ya’ni 15 ming so‘m emas, 16,5 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 5 avgustdan kuchga kiradigan norma bilan 75 ming so‘m to‘laydi.
Bundan tashqari, 5 barobar miqdorda stavka belgilash oldindan tasdiqlangan: amaliyotda suv bo‘yicha belgilangan limitdan ortiq foydalanganda yoki suvdan ruxsat beruvchi hujjatlarsiz foydalanganda 5 barobar miqdorida soliq qo‘llangan. Xuddi shunday “moykachilar” yerusti suvidan (vodoprovod nazarda tutilyapti) hisoblagichsiz ishlatganda ham, 5 barobar miqdorida soliq belgilangan. Endi bu tartib yerosti suvlariga ham tatbiq qilinyapti. Yangi tartibga ko‘ra, yerosti suvidan foydalanish mumkin, lekin hisoblagich bilan foydalansin degan norma kiritilyapti.
Aholi qanday hollarda oshirilgan soliq to‘laydi?
— Yerosti suvidan foydalanish suv va suvdan foydalanish to‘g‘risidagi qonun bilan tartibga solingan. Aholi shaxsiy ehtiyojlari uchun olgan suv uchun soliqqa tortilmaydi. Tadbirkorlik faoliyatida foydalansa, soliq to‘lovchi hisoblanadi. Ya’ni siz bilan biz uyda foydalanadigan suv tadbirkorlik maqsadida bo‘lmagani uchun bizga soliq hisoblanmaydi. Biroq bir sutkada 5 metr kubdan ko‘p suv ishlatgan jismoniy shaxslarga bu norma tatbiq etiladi, ya’ni ular ham hisoblagich o‘rnatishga majbur bo‘ladi.
Qonunda mazkur qoida jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy va xo‘jalik ehtiyojlar uchun sutkasiga 5 metr kubgacha bo‘lgan yerosti suvlarini yakka tartibda olish hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi, deyilgan. Bunda tomorqamizdan 5 metr kubgacha suv olinadigan quduqlar nazarda tutilmagan. Sizga oddiy tilda tushuntirsam, o‘zim tumanda yashaganimda 1 kub metr suv 3-4 kun, uzog‘i bir haftaga yetardi. Ya’ni sutkasiga 5 tonna suv juda katta miqdor va shaxsiy ehtiyojlar uchun bu yetarli. Undan ortig‘i soliqqa tortilishi kerak.
Deylik, tadbirkor auksiondan yer sotib olgan va u yer kanal yoki boshqa suvlardan yiroqda joylashgan bo‘lsa bo‘lsa, u ruxsatnoma olib, quduq qazib, yerosti suvlaridan foydalanadi. Bu – shunday tadbirkorlar uchun odatiy holat. Ilgari, ishlatilgan suv geologiya mutaxassislari tomonidan trubaning diametrini o‘lchab yoki motor hajmidan kelib chiqib soliq organiga kim qancha suv ishlatayotganini taqdim etib kelgan bo‘lsa, endilikda hisoblagich o‘rnatadi. Kimlar yerosti suvidan foydalanishga ruxsat olgani borasida geologiya idorasida ma’lumotlar bor. Ularning barchasi hisoblagich o‘rnatadi, undan keyin o‘shaning ma’lumoti soliq organiga taqdim etiladi. Soliq organi suv yetkazib beruvchilarning ma’lumoti asosida tadbirkorlik sub’yektlariga soliq hisoblaydi.
“Soliqni oshirish prioritet emas”
— Suv bu – tabiiy resurs, O‘zbekiston Respublikasining tabiiy boyligi hisoblanadi. Bu – suvni doimiy saqlab borish maqsadida kiritilgan norma. Bu bilan soliqni oshirish prioritet emas, suvning aniq hisobini olish va suvdan oqilona foydalanish uchun hisoblagich o‘rnatish majburiyati qo‘yilyapti. Shu orqali tabiiy boyligimiz bo‘lgan yerosti suvlarining keyingi avlodga yetib borishini ta’minlagan bo‘lamiz.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Mavzuga oid

10:00 / 19.05.2025
Ayrim tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi

12:05 / 16.05.2025
Dehqonlarga issiq havoda ekinlarni parvarishlash bo‘yicha tavsiyalar berildi

18:42 / 13.05.2025
Bu hafta bizni may uchun rekord issiq kutmoqda - Erkin Abdulahatov

19:53 / 10.05.2025