Jahon | 14:24
2549
2 daqiqa o‘qiladi

VsIOM: Rossiyaliklar Ukraina va AQShni o‘zlarining asosiy dushmani deb hisoblashmayapti

Ukrainani dushman deb biladigan rossiyaliklar ulushi 2014 yildan beri eng past darajaga tushdi, deb xabar berdi VsIOM. Bundan tashqari, uning ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar endi «do‘st bo‘lmagan davlatlar» reytingida birinchi o‘rinni egallamayapti.

Foto: Getty images

Ukrainani dushman davlat deb hisoblaydigan Rossiya fuqarolari ulushi 2014 yildan beri eng past darajaga tushdi. Bu haqda Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi (VsIOM) 19 may, dushanba kuni chop etilgan hisobotida aytiladi. 2025 yil aprel oyida VsIOM o‘tkazgan so‘rovda respondentlarning 38 foizi Ukrainani Rossiya bilan «eng keskin, dushmanlik munosabatlari» bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritgan.

2014 yilda Rossiya Qrimni qo‘shib olib, Ukraina sharqida harbiy harakatlar boshlaganida bu ko‘rsatkich 32 foiz, 2018 yilda 39 foiz, 2019 yilda 53 foiz, 2022 yilda 43 foizni tashkil etgan, deyiladi hujjatda. Shunday qilib, hozirda Ukraina, so‘rov natijalariga ko‘ra, Rossiyaga «eng dushman» davlatlar ro‘yxatida to‘rtinchi o‘rinda. Uch yil oldin u Qo‘shma Shtatlardan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan.

O‘z navbatida, so‘nggi 11 yil ichida rossiyaliklarning 67-76 foizi dushman deb hisoblangan Amerika Qo‘shma Shtatlari hozirda 27 foiz natija bilan faqat beshinchi o‘rinni egallab turibdi.

Hozirda rossiyaliklar o‘zlarining uchta asosiy dushmanini Fransiya (so‘rovda qatnashganlarning 48 foizi), Buyuk Britaniya (42 foiz) va Germaniya (41 foiz) deb hisoblashadi. Kuchli o‘nlikka Polsha (26 foiz), Latviya, Litva, umuman Boltiqbo‘yi davlatlari va «Yevropa Ittifoqi/Yevropa davlatlari» (barchasi – 9 foiz) kirdi. Tegishli savol ochiq bo‘lib, respondentlardan beshtadan ko‘p bo‘lmagan javob berishi so‘ralgan.

Mavzuga oid