Jahon | 13:32
1526
6 daqiqa o‘qiladi

“Bu avvalgi G7 emas” - Amerikaning do‘stlari Vashington bilan bojlar masalasida kelishuvga erishmoqchi

So‘nggi yillarda Yettilik guruhi yig‘ilishlarida Rossiyaga qarshi sanksiyalar muhokama qilinishi odatiy holga aylangandi. Bu safargi G7 moliya rahbarlari uchrashuvi esa aftidan noodatiy tus oladi: unda oltita davlat birgalashib, AQSh moliya vaziri orqali Trampdan hatto do‘stlarga ham boj solish haqidagi tahdidlarini bas qilishni so‘rashi mumkin.

Kaliforniyadagi Oakland porti / Foto: REUTERS / Carlos Barria / File Photo

20-22 may kunlari Kanadaning Banf shahrida G7 (“Yettilik guruhi”) davlatlari moliya vazirlari va markaziy bank rahbarlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

AQSh, Britaniya, Kanada, Italiya, Germaniya, Fransiya va Yaponiya moliya rahbarlari bu safargi yig‘ilishda global iqtisodiyot, iqtisodiy xavfsizlik va barqarorlik, Ukrainadagi vaziyat, moliyaviy jinoyatlar va sun’iy intellekt masalalarini muhokama qilmoqchi.

Payshanbagacha davom etadigan tadbirda ishtirokchilar Ukraina bo‘yicha umumiy pozitsiyaga kelishga harakat qiladi, bozor qonunlariga zid amaliyotlar ham kun tartibidagi mavzulardan biri bo‘ladi, deb yozadi AFP.

Ukraina moliya vaziri Sergiy Marchenko ham tadbirda ishtirok etadi.

Mazkur muzokaralar G7 davlatlarining Ukraina urushiga nisbatan yondashuvida noaniqlik kuchaygan bir paytda bo‘lib o‘tmoqda. Bu ayniqsa Tramp bu yil qayta prezidentlikka kelganidan so‘ng sezildi.

AFP tahlilchilarining fikricha, ilgari bir yoqadan bosh chiqargan G7 endilikda Trampning Rossiyaga murojaat qilishi, ittifoqchilar va raqiblarga birdek boj joriy etishi fonida parokanda bo‘lmoqda.

Dushanba kuni Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida kechgan telefon muloqoti kutilgan natijalarni bermadi va ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Banfda o‘tayotgan G7 yig‘ilishida AQSh ishtirokiga yaqin manbaning aytishicha, Vashington “nomiga bayonot bermoqchi emas”. Har qanday kelishuv Tramp ma’muriyatining ustuvor yo‘nalishlariga mos bo‘lishi kerak.

AQSh moliya vaziri vakili Skott Bessent bu safargi uchrashuvda G7 guruhini “asosiy maqsadlarga qaytishga, G7 va unga kirmaydigan mamlakatlardagi iqtisodiy nomutanosibliklar va bozor tamoyillariga zid amaliyotlarga qarshi chora ko‘rishga” undashini bildirdi.

Guruh savdo, xavfsizlik va iqlim o‘zgarishi kabi masalalar bo‘yicha siyosat va yechimlarni muhokama qilayotgan bir paytda, tahlilchilar rahbarlar o‘rtasidagi ichki kelishmovchiliklar haqida gapirmoqda.

“Bu odatdagi G7 emas”, – dedi Vashingtonda joylashgan Atlantika kengashi aql markazi direktori o‘rinbosari Anaya Kumar. Uning aytishicha, odatda G7 yig‘ilishlari asosiy siyosiy yo‘nalishlar, masalan, Rossiyaga qarshi sanksiyalar atrofida aylansa-da, Trampning boj siyosati iqtisodiy tusdagi xavotirlarni kuchaytirgan.

O‘tgan oy Xalqaro valuta jamg‘armasi tariflar ta’siri tufayli global o‘sish prognozini kamaytirgan edi. AQShning Kanada kabi asosiy savdo hamkorlarida o‘sish istiqbollari kamaygan.

Rasmiylar bu hafta yangi savdo bitimlari e’lon qilinishini kutmayotgan bo‘lsalar-da, muzokaralarda muayyan siljishlar borligini aytishmoqda. Banfdagi uchrashuv esa umumiy nuqtayi nazarni topish uchun yana bir imkoniyat bo‘lishi mumkin.

Vazirlar ayniqsa Xitoy bilan keskin boj janjallarini yumshatishda muhim rol o‘ynagan Bessentga e’tibor qaratishadi.

Reuters'ga ko‘ra, Yaponiya, Germaniya, Fransiya va Italiya AQSh boj stavkalarining 20 foizdan yuqoriga, ikki barobar oshirilishi xavfi bilan duch kelmoqda. Britaniya esa cheklangan savdo bitimini tuzdi, biroq ko‘p mahsulotlarida 10 foizli AQSh bojlari saqlanib qolmoqda. Mezbon Kanada esa hanuz Tramp tomonidan qo‘yilgan 25 foizlik boj bilan kurashyapti.

“Hech kim AQSh G7 va boshqa ittifoqchilarga alohida, qulayroq tartib joriy qilishini kutmayapti,” – dedi Vashingtondagi Atlantika kengashining Geoiqtisodiyot markazi direktori o‘rinbosari Charlz Lichfild.

Lichfildning aytishicha, qolgan olti davlat vazirlari ehtimol Bessentga AQShning eng yaqin ittifoqchilari ekanliklarini eslatishadi va AQShning Xitoyga bosim o‘tkazish talablari ularning o‘zlari AQSh bosimi ostida qolayotgan bir paytda noo‘rin ekanini bildiradi.

AQSh Moliya vaziri Bessent boshqa davlatlardan o‘z iqtisodiyotlaridagi nomutanosibliklar va bozor tamoyillariga zid amaliyotlarga qarshi choralar ko‘rishni, Xitoyning davlat boshqaruvidagi iqtisodiy modeliga qarshi birgalikda kurashishni so‘rashini bildirdi.

“G7 davlatlari ishchilarimiz va firmalarimizni Xitoyning nohaq amaliyotlaridan himoya qilish uchun birgalikda harakat qilishi lozim”, – dedi u.

Hej fondi sobiq menejeri bo‘lgan Bessent Xitoyning ortiqcha ishlab chiqarish quvvatlarini rag‘batlantiruvchi siyosatini va subsidiyalangan mahsulotlar bilan bozorlarni to‘ldirayotganini muntazam tanqid qilib keladi.

“Bessent Trampning savdo kun tartibida muvozanatlashtiruvchi kuch sifatida ko‘riladi. G7 vazirlari undan savdo borasidagi siyosatni yumshatishga harakat qilishni so‘rashadi”, deydi AQSh Moliya vazirligi va Xalqaro valuta jamg‘armasining sobiq rasmiysi Mark Sobel.

Mazkur uchrashuv iyunda bo‘lib o‘tadigan G7 rahbarlar sammitiga tayyorgarlik bosqichi hisoblanadi.

G7 davlatlari rahbarlarining bu yilgi sammiti iyun oyida Kanadaning Alberta shtati Kananaskis shahrida bo‘lib o‘tadi. Unga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham taklif etilgan.

Mavzuga oid