O‘zbekiston | 14:35
7246
2 daqiqa o‘qiladi

Termiz shahriga yangi hokim tayinlandi

2022 yil sentabridan Termiz shahriga hokimlik qilib kelgan O‘ktam To‘rayev boshqa ishga o‘tgani sababli lavozimidan ozod etilgan. Uning o‘rnini Sharofiddin Lolayev egalladi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Surxondaryo viloyatining yana bir hududida hokim o‘zgardi: Lolayev Sharofiddin Usanovich Termiz shahar hokimi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bugun xalq deputatlari Termiz shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazilgan. Unda tashkiliy masala ko‘rilgan. To‘rayev O‘ktam Ismoilovich boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan Termiz shahri hokimi lavozimidan ozod qilingan. Viloyat hokimi taklif etgan nomzod – Lolayev Sharofiddin Usanovich deputatlar tomonidan Termiz shahri hokimi etib tasdiqlangan.

Sharofiddin Lolayev 1987 yilda Qumqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 2015 yilda Termiz davlat universitetini bakalavr, 2021 yilda magistr darajasini tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida Surxondaryo viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i, bosh inspektori, birinchi o‘rinbosari, shuningdek, Denov tumani va Termiz shahar hokimining o‘rinbosari kabi mas’uliyatli lavozimlarda ishlagan.

Sharofiddin Lolayev tayinlovga qadar Surxondaryo viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritgan.

O‘ktam To‘rayev qanday ishga o‘tkazilgani ma’lum qilinmagan. U 2022 yil sentabridan Termiz shahriga hokimlik qilib kelayotgandi.

Avvalroq Muzrabot tumaniga yangi hokim tayinlangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid