Jahon | 15:44
1836
2 daqiqa o‘qiladi

Eronlik rejissyor filmi Kann kinofestivali bosh mukofotini qo‘lga kiritdi

78-Kann festivali yakunlandi. Jafar Panahi tomonidan suratga olingan «Oddiy tasodif» kartinasi «Oltin palma yaprog‘i»ni qo‘lga kiritdi.

Foto: Reuters

78-Kann festivalining «Oltin palma yaprog‘i» eronlik rejissyor Jafar Panahi tomonidan suratga olingan «Oddiy tasodif» filmiga nasib etdi. Bu haqda kinofestivalning yopilish marosimida e’lon qilindi.

Kann kinofestivali doirasidagi ikkinchi eng nufuzli mukofot (Gran-pri) daniyalik rejissyor Yoakim Triyerning «Hassos qadriyat» nomli filmiga topshirildi.

Eng yaxshi rejissura uchun mukofotga esa braziliyalik rejissyor Kleber Mendonsa Filo «Maxfiy agent» filmi bilan sazovor bo‘ldi. Eng yaxshi ssenariy mukofoti Fransiya—Belgiya filmi — «Yosh onalar» uchun Jan-Per va Lyuk Dardennlarga berildi.

«Maxfiy agent» filmidagi bosh roli uchun braziliyalik aktyor Vagner Moura eng yaxshi aktyor deb topildi. Eng yaxshi ayol roli mukofoti esa «Singil» filmida rol ijro etgan aktrisa Nadya Mellitiga nasib etdi. Film rejissyori — Afsia Yerzi.

Hay’at mukofoti fransuz rejissyori Oliver Lashe suratga olgan «Sirat» hamda nemis rejissyori Masha Shilinskiyning «Qulash ovozi» filmlariga berildi.

Joriy yilda Kann festivalida jami 22 ta kartina ishtirok etdi.

Jafar Panahining «Oddiy tasodif» kartinasi — qurbonlar va jallodlar o‘rtasidagi munosabatlar haqida hikoya qiladi. Eronlik kinematograf bir necha yildan beri o‘z vatanida ta’qibda.

Avvalroq Fransiya janubida yuz bergan blekaut Kann festivali ishiga ta’sir ko‘rsatgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Elektr energiyasi ta’minotining uzilishi festivalning yopilish marosimini o‘tkazishga xalaqit bermadi — tadbir tashkil etilgan Festivallar saroyi «mustaqil energiya ta’minoti»dan foydalangan.

Mavzuga oid