Jahon | 17:55 / 25.05.2025
4908
2 daqiqa o‘qiladi

KXDRda esminetsni suvga tushirishda yuz bergan avariya ishi bo‘yicha uch kishi hibsga olindi

Hibsga olinganlar orasida kemasozlik korxonasi muhandisi ham bor. KXDR rasmiylari kemaga yetkazilgan shikast 10 kun ichida bartaraf etilishini aytmoqda.

Foto: Maxar Technologies / AFP / Scanpix / LETA

Shimoliy Koreyada 21 may kuni yangi kemani suvga tushirish vaqtida sodir bo‘lgan avariyaga bog‘liq ish bo‘yicha uch kishi qo‘lga olindi. Bu haqda Koreya Markaziy telegraf agentligi xabar berdi.

Chxonchjin kemasozlik korxonasida kemani suvga tushirish marosimi vaqtida muammo yuz bergan edi: esminets to‘siqqa urilib, bir tomoni suvga tushmasdan qiyshayib qolgandi.

Marosimda KXDR yetakchisi Kim Chen In ham ishtirok etgan va u sodir bo‘lgan voqeani «katta avariya va jinoyat» deb atagan. Shuningdek, u mazkur holatni «yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan hodisa» deya ta’riflagan.

Rasmiylar Chxonjin kemasozlik korxonasi muhandisi Kan Chjon Chxolni, korpus uskunalarini yig‘ish bo‘yicha sex boshlig‘i Xan Gyon Xak va ma’muriy boshqaruvchi Kim Yon Xakni hibsga olgan. Aynan ular sodir bo‘lgan avariyada aybdor hisoblanmoqda.

Janubiy Koreya Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mondonligiga ko‘ra, KXDRning yangi esminetsi «yonboshlab» qolgan. Sun’iy yo‘ldosh suratlarida kemaning bir qismi yerda, qolgani suvda turgani tasvirlangan va u ko‘k brezent bilan yopib qo‘yilgan. KXDR rasmiylari kemaga u qadar jiddiy shikast yetmagani va u 10 kun ichida bartaraf etilishini ma’lum qilmoqda.

Mavzuga oid