O‘zbekiston | 17:00 / 27.05.2025
21433
5 daqiqa o‘qiladi

Bozor – go‘sht narxi haqida: “Yem-xashak qimmat, mol boqish oson bo‘lmay qoldi”

Yil boshidan buyon eng ko‘p qimmatlashgan oziq-ovqat mahsuloti bu – go‘sht. Kun.uz muxbiri Bo‘stonliq chorva bozorida bo‘lib, qoramol va qo‘y oldi-berdi qilayotgan savdogarlar bilan go‘sht narxi borasida suhbatda bo‘ldi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘zbekistonda 2025 yilning boshidan buyon go‘sht narxlari sezilarli oshdi. So‘nggi haftalarda Toshkentda suyakli mol go‘shti chakana savdoda 140 minggacha narxda sotilmoqda.

Chorsu bozorida bo‘lgan Kun.uz muxbiriga ko‘ra, O‘zbekistonga bevosita qo‘shni bo‘lmagan mamlakatlardan import qilinayotgan go‘shtlar nisbatan arzon, lekin xaridorlarning bir qismida ularga nisbatan ishonchsizlik bor.

Kun.uz muxbiri mahalliy go‘sht narxiga ta’sir qilayotgan omillarni o‘rganish uchun 18 may kuni Toshkent viloyatidagi Bo‘stonliq chorva bozorida bo‘ldi.

Bozor ishtirokchilariga ko‘ra, yem mahsulotlari narxi oshgani, chorva uchun yaylovlar qisqarib borayotgani fonida, yakka tartibda chorva boqishning afzalligi kamayib boryapti.

Bekobodlik chorvadorning aytishicha, bitta mol bir oyda 800 ming so‘mlik yem yeydi. Xumsonlik chorvadorga ko‘ra, bitta novvos uchun xashaklaridan tashqari yem uchun bir oyda 4-5 mln so‘m ketyapti.

“Oldingi bozorga qaraganda, narx-navo tushgan. Hozir may, dehqonlarga pul kerak, molini sotib dehqonchilikka urishi kerak. Lekin bozorlarda go‘sht qimmat. Mol narxi go‘shtga nisbatan arzon. Hozir bitta ho‘kizni 18 million so‘mga savdo qilyapti, go‘sht hisobiga hisoblasangiz, to‘g‘ri kelmaydi. Men To‘ytepa tumanidan kelganman, bizda yaylovlar yo‘q: hamma qo‘lda boqadi, dalaga chiqarolmaydi, dalaning hammasi fermerlarga berilgan. Yem narxlari esa baland”, – deydi chorvadorlardan biri.

“Yemxonadan yem olib boqsang, bu shunchaki topgan-tutgan ozgina pulingni yig‘ib beradi. O‘sha uchun boqiladi. Yaylov yo‘q, fermer yaqiniga yo‘latmaydi. Xalqda pul yo‘q, go‘sht yeya olmayapti, tovuqqa o‘tib ketgan... Oldin yem, shulxa, kunjaralar arzon edi. Ana o‘sha paytda yaxshi foyda qolardi”, – deydi chorvadorlardan boshqa biri.

“Bozor bugun sal qaytib qoldi, savdo yo‘qroq. Oldin yem arzon paytda hammaning uyida mol bo‘lardi. Shahar tomonlarda ham boqishardi ikkita-uchtalab. Hozir yo‘q-da, faqat chet el mollarni katta “obyomchi”lar boqyapti. Bitta-ikkita boqayotgan odam foyda qilmayapti. Nimaga? Sababi yem qimmat. 6 300 so‘mdan kunjara sotishyapti. U o‘xshamaydi-da. Narxni tushirish kerak”, – deydi olibsotarlardan biri.

“Men Bo‘stonliqdanman. Yaylovlar deyarli qolmadi. Faqat uyda boqyapmiz, yemlab. Ozginani ko‘chaga olib chiqsak olib chiqamiz, bo‘lmasa unga ham taqiq qo‘yishyapti”, – deydi boshqa bir suhbatdosh.

Kun.uz muxbiri Bo‘stonliq chorva bozoriga yaqin joylashgan, yem mahsulotlari sotiladigan kichik bozorchada kunjara 6 500 so‘m, bug‘doy yormasi 3000-3500 so‘mdan sotilayotganiga guvoh bo‘ldi. 50 ming so‘m bo‘lgan 25 kiloli kepak 65 minggacha oshgan. Beda pichanlari 26-27 mingdan sotilyapti. Oqqo‘rg‘onlik tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, beda maydonlari qisqarib ketgani narxga ta’sir qilyapti.

Yem sotuvchisi yemning ustiga uncha ko‘p qo‘yilmasligini aytadi: “Qimmat olinyapti-da, shunga qimmatroq sotilyapti. Biz dehqonlardan olamiz. Ozgina qo‘yib sotamiz. Dorilar, yerlar qimmat. Hammasi bir-biriga bog‘liq-da”.

8 may kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligi go‘sht narxi oshishiga ta’sir qilgan omillarni sanab o‘tgandi. Ma’lum bo‘lishicha, oxirgi 7 oy ichida shrot narxi 2,3 barobarga, sheluxa 43 foizga, omuxta yem 28 foizga, bug‘doy 59 foizga, makkajo‘xori silosi qariyb 2 barobarga, somon 67 foizga, beda esa 80 foizga qimmatlagan.

Markaziy bankka ko‘ra, O‘zbekistonda go‘sht qimmatlashishiga qo‘shni davlatlardagi cheklovlar va import narxlarining oshishi ham ta’sir qilmoqda.

Mavzuga oid