Jamiyat | 19:03 / 28.05.2025
5144
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda YPX xodimlaridan qochgan Nexia-2 boshqa avtomobillar bilan to‘qnashdi

Qoidabuzar haydovchi YPX xodimlari tomonidan to‘sib ushlash orqali to‘xtatilgan. Mashina salonidan pichoq topilgan va haydovchi transport vositasini tegishli hujjatlarsiz boshqargani aniqlangan.

Foto: Videodan kadr

Andijon viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi YPX xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan qochib ketgan haydovchi to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 26 may kuni soat 14:00 larda Yangi Asaka yo‘li hududida xizmat olib borayotgan YPX inspektori tomonidan Nexia-2 rusumli transport vositasiga hujjatlarini tekshirish maqsadida «to‘xtash» ishorasi berilgan. Biroq 20 yoshli haydovchi inspektorning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, Asaka tumani hududi tomon harakatni davom ettirgan.

Nexia-2 tumanning «Ko‘rkam» MFY hududda xizmat olib borayotgan bir nechta JTSB hamda YPX inspektorlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan harakatlanib ketayotgan vaqtida ichki ko‘chadan asosiy yo‘lga keskin chiqib yuborishi oqibatida, o‘z yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Labo va Captiva rusumli transport vositalari bilan to‘qnashuv sodir etgan. Shundan so‘ng Nexia-2 voqea joyidan qochib ketgan. Xodimlar ushbu transport vositasini kuzatib borib, Asaka tumani «Humo» MFY hududida yo‘lini to‘sib, ushlashga muvaffaq bo‘lgan.

Mazkur transport vositasi hamda haydovchining yoni ikki nafar xolis ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, mashina salonida o‘tkir tig‘li jism (pichoq) borligi hamda haydovchi tegishli hujjatlarsiz avtomobilni boshqargani aniqlangan.

Sodir etilgan yo‘l-transport hodisasida tan jarohati olgan fuqarolar yo‘q, transport vositalari texnik shikastlangan.

Hozirda holat yuzasidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Haydovchi A.M. esa Jinoyat-protsessual kodeksining 288-moddasi ko‘ra tuman IIBning vaqtinchalik ushlab turish hibsxonasiga joylashtirilgan.

Mavzuga oid