Jahon | 20:59 / 28.05.2025
1347
2 daqiqa o‘qiladi

Florida shtati oltin va kumushni to‘lov vositasi sifatida ishlatishga ruxsat berdi

Hech narsa o‘zgarmasa, 2026 yil 1 iyuldan boshlab bunday operatsiyalarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Foto: Shutterstock

Florida gubernatori Ron DeSantis oltin va kumushni qonuniy to‘lov vositasi sifatida tan oladigan qonun loyihasini imzoladi. Kelajakda shtat aholisi ushbu qimmatbaho metallardan to‘lov operatsiyalarida foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Business Insider xabariga ko‘ra, hujjat hukumat yoki xususiy tashkilotlarga oltin va kumushni qarzlar uchun to‘lov shakli sifatida ixtiyoriy ravishda qabul qilish imkonini beruvchi jarayonni boshlaydi. Shuningdek, qonun loyihasida qimmatbaho metallar soflik talablariga javob bersa yoki oltin/kumushning qiymati 500 dollardan oshsa, savdo solig‘i solinmasligi belgilangan.

Agar Florida qonun chiqaruvchi organi qonun loyihasini amalga oshirish qoidalarini o‘zgartirmasa, qonun 2026 yil 1 iyulda kuchga kiradi.

DeSantisning aytishicha, bu qadam shtatning fiskal suverenitetini ta’minlashga qaratilgan.

«Florida shtati erkinlik, iqtisodiy taqdirini o‘zi belgilash va hukumatning haddan tashqari ta’siriga qarshilik tarafdori. Lekin juda uzoq vaqtdan beri eskirgan qoidalar va keraksiz savdo soliqlari floridaliklarning oltin va kumush bozorlariga kirishini maqsadga muvofiq qilmagan», dedi gubernator.

Florida qonun loyihasiga ko‘ra, qonuniy to‘lov vositasi hisoblanishi uchun oltin tangalar 99,5 foiz, kumush tangalar esa 99,9 foiz sof bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, tangalarda vazni va sofligi belgilanishi shart.

Hukumat tashkilotlari ham oltin yoki kumushni qabul qilishi mumkin, lekin faqat elektron o‘tkazma shaklida, deyiladi qonun loyihasida.

Florida qimmatbaho metallarni qonuniy to‘lov vositasi sifatida tan olgan birinchi shtat emas. Yuta 2011 yilda oltin va kumushni qonuniy to‘lov vositasi sifatida tan olish va tangalarni davlat soliqlaridan ozod qiluvchi qonunni qabul qildi.

Mavzuga oid