Jamiyat | 18:34 / 28.05.2025
9229
5 daqiqa o‘qiladi

“Ta’limga kirayotganimda jamiyatning bunaqa og‘ir ahvoldaligini bilmagandim” – xususiy ta’lim haqida

Kun.uz’ning navbatdagi podkasti Toshkentdagi “Al-jabr” xususiy maktabi rahbari Matluba Qaraxodjayeva bilan bugun xususiy ta’limning biznesga aylantirilayotgani, ta’lim sifati va muammolari haqida bo‘ldi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ustoz himoya qilinmas ekan - bu tugamaydi

“80% xususiy maktablar o‘zining komfort sharoiti bilan ota-onalarni o‘ziga jalb qilib, bolalarni o‘qitib kelmoqda. Ulardayam ta’lim sifati past deya olmayman. Buni ta’lim sifatini nazorat qiluvchi tashkilotlar nazorat qiladi. Lekin bolaga yoshlikda komfort sharoitni shakllantirib bersak bu bola kelajakka qanchalik maqsad qo‘ya oladi? Ta’lim maskani yaratayotgan shaxs bunga e’tibor berishi kerak. Nafaqat maktabda – uyda ham keragidan ortiq sharoit yaratib bersam bolam maqsad qo‘ya oladimi? Sharoitning zo‘r bo‘lishi maqsadsizlikka olib keladi.

Bola tarbiya qilayotgan ota-onalar maktab majbur, maktab mening aytganimni qilishi kerak. Davlat maktablarida ham, xususiy maktablarda ham bu tendensiya juda yomon shakllanib qolgan. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchiga tazyiq o‘tkazish, qo‘l ko‘tarish kabi holatlarni yoritishda vaziyatni oxirigacha o‘rganmasdan yoritib chiqilishidan xafa bo‘laman. Bu ustoz shu maqomga yetgunicha qancha mashaqqatlardan o‘tgan. Uni shu holatga olib kelgan boladami ayb yoki ustozdami? Ular yuzlab bolalar bilan ishlashadi. Qanaqa psixologik yordam berilyapti ustozlarga davlat tomonidan? Jamiyat, mas’ul tashkilotlar ustozni himoya qilmas ekan, bu tugamaydi”.

Maktab rahbariga ko‘ra, “Al jabr” xususiy maktabida o‘qituvchilar uchun psixologik yordam yo‘lga qo‘yilgan. Maktabga qabul jarayonida maktab kodeksi bilan tanishtirilib, o‘quvchi va ota-onaning vazifalari yuzasidan shartnoma imzolanadi. Bir yilda ushbu shartnomaga amal qilmagan 100 ga yaqin o‘quvchilarning ota-onasi bilan shartnoma bekor qilingan.

Son emas sifatga ishlaymiz

“O‘qishida, xulqida, ichki tartib-qoidalarni qo‘pol ravishda buzgan 100 o‘quvchining ota-onasi bilan shartnomani bekor qildik. Son uchun ishlamaymiz, sifat uchun ishlaymiz. Bitta bo‘lsin — kelajagini quradigan bo‘lsin.

Ota-onalarning noto‘g‘ri tafakkuri oilada bolaga “men 3 ga o‘qiganman, 5 olishing shartmas” degan tushunchani singdirib qo‘yishyapti. Birorta ustoz bolaga yomonlik tilamaydi.

Juda ko‘p e’tirozlar bo‘ladi. Har bitta maktabdan chetlashtirilayotgan ota-ona menga nisbatan negativ bilan ketadi. Norozi bo‘lishadi, hatto ketmaslik uchun qo‘yilgan jarimaniyam to‘lashga rozi bo‘lishadi. Bizda o‘qishdan chetlashtirilmaslik uchun katta miqdorda jarimalar bor. Bir marta qo‘pol tarzda ichki tartib-qoidani buzganlik uchun 5 mln jarima to‘lash kerak”.

Xususiy ta’limni beznesga aylantirib qo‘ydik

“Xususiy maktabni marketingga, foyda oladigan maskanga aylantirib qo‘ydik. Xususiy sektorda ta’limni va tibbiyotni biznesga aylantirib bo‘lmaydi. Biznes egasi sifatida aytaman, agar bunda birinchi o‘ringa pul qo‘yiladigan bo‘lsa undan keladigan luqmaniyam halolligini savol ostiga olish kerak.

Tasavvur qiling, men bolaga bilim berdim, ammo tarbiya bermadim, u bolani tartibga solmadim, to‘g‘ri-noto‘g‘rini o‘rgatmadim. U bola bizda o‘qidi, mutaxassis bo‘lib sertifikatlarni oldi va ertaga berilgan bilimlarni noto‘g‘ri yo‘lda ishlatishni boshladi. Ustozga savobi keladimi – gunohi? Ota-ona shuni tushunib olishi kerak”.

Xususiy maktablar nega qimmat?

“Narxlar qimmatligining birinchi sababi xususiy maktablarning ko‘pchiligi ijaraga olingan binolarda o‘tiradi. Ijara to‘lovi Toshkentda minimal holatda 1 kv/metr joy uchun 15 dollarni tashkil etadi. Maktab uchun kamida 1000 kv/metr joy kerak. Undan tashqari xususiy maktabga yaxshi, malakali kadrni jalb qilish uchun yaxshi oylik to‘lash kerak. KPIlarga bog‘langan holatlari bor. Buni o‘z vaqtida, tizimli amalga oshirmasangiz hech qaysi ustoz bu yerda qolmaydi.

Chunki Toshkent shahrida 190 ta xususiy maktab bor. Bir yil oldin 160 ta edi, katta tendensiya bilan o‘sish ketyapti. Bu sog‘lom raqobatni, o‘z ustida ishlashni, bolaga yanada sifatli ta’lim berishni shakllantiradi. Lekin biznesga aylantirib qo‘yishmasin.

Intervyuda ta’limning inqirozi, qog‘ozbozlikka chek qo‘ygan xususiy maktablar, jamiyatning og‘ir ahvoli haqidagi fikrlar bilan Kun.uz’ning YouTube sahifasida tanishishingiz mumkin.

Mavzuga oid