Samarqandda 15 davlat Markaziy banklari rahbarlari moliyaviy inklyuzivlik va “yashil moliya” bo‘yicha muloqot o‘tkazdi
Samarqand shahrida 26-28 may kunlari Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo siyosat tashabbusi (ECAPI)ning 15-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Moliyaviy inklyuzivlik bo‘yicha alyans (AFI) tomonidan O‘zbekiston Markaziy banki hamkorligida tashkil etilgan yig‘ilishda 15 ta mamlakatdan davlat regulyatorlari, xalqaro tashkilotlar, rivojlanish institutlari va mutaxassislar ishtirok etib, moliyaviy inklyuzivlik va yashil moliya mavzularini muhokama qilishdi.

Foto: Markaziy bank
Samarqand 26-28 may kunlari Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo siyosat tashabbusi (ECAPI)ning 15-yig‘ilishiga mezbonlik qildi. Bu haqda Kun.uz’ga Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishning asosiy maqsadi — moliyaviy inklyuzivlik, barqaror rivojlanish va inklyuziv “yashil moliya” sohalarida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, samarali siyosatlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda regulyatorlar rolini kuchaytirishdir.
Uch kunlik yig‘ilish yo‘nalishi bilim va tajriba almashish, yechimlar ishlab chiqish, “Reguton” shaklidagi amaliy tadqiqotlar va xalqaro tashkilotlar bilan muloqotdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Armaniston, Tojikiston, Mongoliya, Shimoliy Makedoniya, Misr, Fiji va boshqa mamlakatlardan 100 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Birinchi kunda kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish masalasi muhokama qilindi. Qatnashchilar KO’B uchun an’anaviy va muqobil moliya manbalari (kraudfanding, faktoring va boshqalar) orqali moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha tajriba almashdi.
Shuningdek, yashil moliya mahsulotlari va moliyaviy savodxonlik, moliyaviy bilimlarning KO‘B va aholi o‘rtasida inklyuziv “yashil moliya”ni (IGF) ilgari surishdagi ahamiyati muhokama qilindi.
ECAPIʼning IGF bo‘yicha deklaratsiyasi loyihasini ishlab chiqish doirasida mintaqaviy ustuvorliklarga asoslangan ko‘p tomonlama hujjatni tayyorlash ishlari boshlandi.
Tadbirda mamlakatlar raqamli transformatsiya, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va iqlim moliyasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan hamda rejalashtirilayotgan tashabbuslarini taqdim etdi.
Nutq so‘zlaydiganlar qatorida Misr, Armaniston, Qozog‘iston, Mongoliya, Shimoliy Makedoniya va O‘zbekiston Markaziy banklari vakillari bor.
Ikkinchi kun to‘liq “Reguton” — regulyatorlar marafoni shaklida o‘tdi. Unda ishtirokchilar agrosanoat, axborot texnologiyalari, turizm va hunarmandchilik sohalaridagi kichik korxonalarga tashrif buyurib, O‘zbekistonda KO’B bilan moliyaviy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlik tajribasini o‘rgandi.
Yakunlovchi kun xalqaro moliyaviy institutlar bilan strategik muloqotga bag‘ishlandi. Unda mavjud tashabbuslar ko‘rib chiqilib, moliyaviy inklyuziya va iqlim moliyasi sohalaridagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Mintaqa va O‘zbekiston uchun ahamiyati
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2018 yildan beri Moliyaviy inklyuziya bo‘yicha alyans (AFI) a’zosi hisoblanadi. ECAPIʼning 15-yig‘ilishiga O‘zbekiston mezbonlik qilishi mamlakatning mintaqaviy moliyaviy islohotlardagi faol ishtirokini ko‘rsatadi. 2025 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ECAPIʼda raislikni o‘z zimmasiga oladi va mintaqada moliyaviy inklyuziya sohasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettiradi.
Ma’lumot uchun: ECAPI a’zo mamlakat va tashkilotlariga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Armaniston Markaziy banki, Qozog‘iston Respublikasi Moliya bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi (uyushgan a’zo), Mongoliya Moliyaviy nazorat komissiyasi, Shimoliy Makedoniya Respublikasi Milliy banki, Tojikiston Milliy banki kiradi.
Mavzuga oid

17:27 / 16.05.2025
O‘zbekistonliklar go‘sht, sut va yonilg‘i narxlari oshishini ko‘proq sezishyapti

10:11 / 04.05.2025
Muddatli to‘lov bozorini tartibga solish boshlanadi

15:06 / 01.05.2025
Moliyaviy xavflarni aniqlash va baholash tartibi belgilandi

20:43 / 30.04.2025