O‘zbekiston | 11:05 / 29.05.2025
1157
6 daqiqa o‘qiladi

Sharq san’atidan metafizikagacha: “Olamlar orasidagi nur” ko‘rgazmasida nimalar namoyish etilmoqda?

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi madaniy hamkorlik doirasida Moskva viloyati Istra shaharchasida joylashgan “Yangi Quddus” muzeyida qo‘shma ko‘rgazma ish boshladi. Ekspozitsiyadan 40 nafar rassomning 160 dan ortiq asari o‘rin olgan. Bu loyiha unutilgan yoki e’tibordan chetda qolgan san’at asarlarini qayta namoyish etishga qaratilgan bo‘lib, “Yangi Quddus” hamda I.V. Savitskiy nomidagi Nukus san’at muzeyi kolleksiyalarini birlashtiradi

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur ko‘rgazmada 1920–1930 yillarda yaratilgan o‘zbek va rus modernistlari asarlarini ko‘rish mumkin. Bu so‘nggi yillar ichida o‘tkazilayotgan ilk xalqaro qo‘shma ko‘rgazma bo‘lib, sovet davri mafkurasini o‘zida aks ettirmagan va qog‘ozga tushirilganiga bir asrdan oshgan bo‘lsa ham hali hech qayerda namoyish etilmagan ikki noyob san’at to‘plamini birlashtiradi. Ekspozitsiyada rangtasvir va grafik ishlanmalardan iborat turli asarlar mavjud, ularning orasida Aleksandr Volkov, Solomon Nikritin, Aleksandr Shevchenko, Kliment Redko kabi mashhur ijodkorlarning ishlanmalari ham bor.

Ushbu ko‘rgazma madaniy merosga hurmatni oshirish va odatiy badiiy talqinlarga yangicha yondashishga qaratilgan muzeylararo hamkorlikning natijasidir. U san’at tarixining unutilgan yoki buzib talqin qilingan sahifalarini ochib beradi. Shuningdek, 1920-1930 yillarga faqat avangard va sotsrealizm to‘qnashuvi emas, balki yangi badiiy til, ichki erkinlik va estetik tajriba izlangan davr sifatida qarash imkonini beradi”, – deydi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova.

Ko‘rgazma 1920-1930 yillarda ijod qilgan rassomlarning izlanishlarini aks ettiruvchi mavzular asosida tartiblangan. Har bir bo‘limda o‘sha davrdagi rassomlar qanday fikrda bo‘lgani va qaysi san’at yo‘nalishlarida ishlagani aks etgan.

Masalan, “Yangi Sharq mo‘yqalam ustalari” bo‘limida Sharq madaniyati va milliy modernizmga oid asarlar joylashtirilgan. Bu yerda Aleksandr Volkov, Nikolay Karaxan va O‘rol Tansiqboyev kabi rassomlarning ishlarini ko‘rish mumkin. Ular tasvirlagan manzaralarda Sharq me’morchiligi, urf-odatlari, tarixiy voqealar va oddiy insonlarning hayoti mujassamlashgan. Ayniqsa, Karaxan va Tansiqboyevning monumental va dekorativ san’at uslubidagi ishlari orqali o‘sha davr ijtimoiy ruhini, milliy uyg‘onish jarayonlarini his etish mumkin. Ushbu bo‘limdagi asarlar o‘z davriga oid ijtimoiy fikrlar va madaniy izlanishlar haqida ham ma’lumotlarni tasvirlaydi.

“Zamon siymolari” bo‘limi esa XX asrning 20-30 yillarida yashagan odamlarning obrazlari va portretlariga bag‘ishlangan. Unda rassomlar oddiy insonlarning yuz ifodasi, kiyim-kechagi va hayot tarzini tasvirlash orqali davr ruhini yetkazishga harakat qilgan. Asarlarda ishchi, dehqon, ziyolilar kabi turli kasb egalarining siymolari tasvirlangan. Har bir portret avvalgi davr odamlari hayoti, ularning ichki dunyosi va orzulariga nazar tashlash imkonini beradi, ya’ni suratlar o‘tgan asr boshlarida yangi jamiyat qurish uchun qanday qadamlar tashlanganini ifodalaydi.

“1920-1930 yillar metafizikasi” bo‘limida Kliment Redko va Solomon Nikritin kabi rassomlarning falsafiy qarashlari aks etgan. Ular inson va zamon, sanoat va tabiat, fazo va yer o‘rtasidagi kuchli qarama-qarshiliklarni mato orqali ifodalashga harakat qilgan. Mazkur rassomlarning asarlarida geometriya, ranglar kontrasti va abstrakt shakllar orqali ichki ziddiyatlar tasvirlangan. Shuningdek, ruh, mavjudlik, texnologik taraqqiyot, insoniyat kelajagiga oid qarashlar mujassamlashgan.

Redko va Nikritin san’atni faqatgina go‘zallik yaratish vositasi emas, fikr yuritish, jamiyatni anglash va insonni idrok etish usuli sifatida ko‘rgan. Ularning kartinalari orqali tomoshabin yangi davr silsilasidagi ruhiy iztirob va umid uyg‘unligiga guvoh bo‘ladi. Bu bo‘lim san’atning falsafa bilan qanchalik chambarchas bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ham ko‘rsatadi.

“Yangi dunyoning kashf etilishi. Rangtasvirchilar ustaxonasi” bo‘limida an’anaviy rangtasvir, ya’ni klassik san’at uslublarini saqlab qolishga harakat qilgan rassomlarning asarlari jamlangan. Bu bo‘limga Aleksandr Shevchenko, Rostislav Barto va Nikolay Viting kabi ijodkorlarning ishlari joylangan. Ularning asarlarida eski va yangi uslublar uyg‘unlashib, san’atning zamon bilan birga rivojlanayotgani tasvirlangan. Ijodkorlar rang va kompozitsiya orqali sanoat, shahar manzaralari, mehnatkash odamlarning hayoti va yangi texnologiyalarni tasvir olamiga olib kirgan.

Bir-biridan 2000 kilometrdan uzoq masofada joylashgan ikki mintaqani va umumiy tarix sahifalarini bog‘lagan “Olamlar orasidagi nur” ko‘rgazmasini bugungi kundagi eng zalvorli xalqaro madaniy loyiha deb bemalol ayta olaman. Loyiha Rossiyadagi mintaqaviy maqomga ega, yetakchi va eng yirik madaniy muassasa hisoblanuvchi “Yangi Quddus” muzeyida bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu muzey, Nukusdagi I.V.Savitskiy muzeyi bilan bir qatorda 1920–1930 yillardagi postavangard san’at kolleksiyalarini saqlab keladi, so‘nggi yillarda san’at ixlosmandlari orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. O‘ylaymanki, mazkur loyiha orqali san’at asarlarini namoyish etish bilan bir qatorda tarixiy merosni saqlashga e’tibor va madaniyatlararo muloqot yanada kuchayadi”, – deydi Moskva viloyati madaniyat va turizm vaziri Vasiliy Kuznetsov.

Ma’lumot o‘rnida, ko‘rgazmaga kelganlar rassomlarning ovozli installyatsiyalari orqali ularning fikrlarini eshitishi, 1920-1930 yillar sovet bastakorlarining kam tanilgan asarlarini tinglashi ham mumkin. Bundan tashqari, ko‘rgazma doirasida ilmiy katalog nashr qilinadi, esdalik sovg‘alari va bolalar hamda kattalar uchun mo‘ljallangan alohida madaniy dasturlar ham tashkil etiladi.

Ko‘rgazma 2025 yil 30 may sanasidan 8 noyabr sanasiga qadar davom etadi.

 

 

Diyoraxon Nabijonova

Mavzuga oid