Jahon | 00:17 / 29.05.2025
4170
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Zelenskiy va Putin bilan uchrashishga tayyorligini ma’lum qildi

Shuningdek, AQSh prezidenti Oq uyda o‘tkazilgan matbuot anjumanida nima uchun hozirga qadar Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etmagani to‘g‘risida savolga javob berdi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp zarurat tug‘ilsa, Rossiya va Ukraina prezidentlari bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishga tayyor. Bu haqda u Oq uyda jurnalistlarning savollariga javob berish vaqtida ma’lum qildi.

Trampga «Endi ham Putin urushni tugatishni istaydi, deb hisoblaysizmi?», degan savol berildi. Bunga javoban u o‘zining maxsus vakili Stiv Uitkoff Rossiya tomoni bilan «juda qattiq» muloqot qilayotganini aytdi. Shuningdek, Tramp Putin urushni yakunlashni rostdan ham xohlayaptimi yoki yo‘qligiga ikki haftadan keyin «ishora berishini» ta’kidladi. 

«Men sizlarga buni ayta olmayman, ammo taxminan ikki haftalardan keyin ishora beraman. Tez orada u [Putin] bizni biror nimaga undayaptimi — buni bilib olamiz, agar shunday bo‘lsa, biz biroz boshqacha munosabat bildiramiz», — deydi AQSh prezidenti. U, shuningdek, bir necha kun oldin «muzokaralar deb ataladigan jarayon paytida odamlar o‘ldirilgan voqea»dan «juda-juda hafsalasi pir bo‘lganini» ma’lum qildi.

Bundan tashqari, AQSh yetakchisiga nima uchun hozirga qadar Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etmagani to‘g‘risida savol berildi. Buni Tramp ehtimoliy tinchlik kelishuvini buzmoqchi emasligi bilan izohladi. Shuningdek, u zarurat tug‘ilsa, Zelenskiy va Putin bilan uchrashishini qo‘shimcha qildi.

Oldinroq Volodimir Zelenskiy Vladimir Putin va Donald Tramp ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish taklifini bergandi. Kreml Zelenskiyning taklifini izohlar ekan, Rossiya va Ukraina prezidentlarining uchrashuvi «ikki delegatsiya o‘rtasidagi turli sohalardagi aniq kelishuvlar natijasi bo‘lishi kerakligini» bildirdi.

Mavzuga oid