Jahon | 12:05 / 29.05.2025
1322
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Qora dengiz xavfsizlik markazini yaratishni rejalashtirmoqda

Yevropa Ittifoqi muhim infratuzilma va yuk tashishni kuzatish uchun yangi Qora dengiz monitoring markazini yaratishni rejalashtirmoqda. Bu Bryusselda taqdim etilgan yangi «Qora dengiz strategiyasi»ning bir qismidir.

Foto: AP / Andreea Alexandru

Yevropa komissiyasi Qora dengiz mintaqasida dengiz xavfsizligi markazini tashkil etish niyatida. Bu 28 may, chorshanba kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar xizmati va Yevropa komissiyasi tomonidan taqdim etilgan yangi «Qora dengiz strategiyasi»ning bandlaridan biridir.

«Rossiya havo hududini buzishi, portlar va yuk tashish yo‘llariga hujum qilishi va dengizni minalashtirishi munosabati bilan mintaqada xavfsizlikni kuchaytirish bu ishning markazida turadi», dedi Yevropa Ittifoqi tashqi siyosati rahbari Kaya Kallas yangi strategiyani taqdim etar ekan.

Dengiz xavfsizligi markazi «Qora dengizdagi vaziyatdan xabardorlikni yaxshilash va ma’lumot almashish, kosmosdan dengiz tubida real vaqt rejimida monitoring o‘tkazish va potensial tahdidlar va zararli harakatlardan erta ogohlantirishga» qaratiladi, deyiladi strategiya hujjatida.

Markazning aniq qayerda joylashishi va qaysi davlatlar ishtirok etishi, unga qancha pul va kimlar tomonidan ajratilishi hozircha noma’lum.

Kallasning so‘zlariga ko‘ra, Dengiz xavfsizligi markazi Rossiya va Ukraina o‘rtasida kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatishni kuzatishda ishtirok etishi mumkin.

Bundan tashqari, Bryusselning «Qora dengiz strategiyasi» mintaqaviy transport infratuzilmasini yaratishni qo‘llab-quvvatlashga, xususan, «qo‘shinlar va texnikaning harakatchanligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, ular zarur bo‘lganda, kerakli joyda bo‘la oladi», dedi Kallas.

Mavzuga oid