Jahon | 17:39 / 30.05.2025
2514
2 daqiqa o‘qiladi

2023 yilda muzliklar 600 gigatonna suv yo‘qotdi – Imomali Rahmon

U Tojikiston muzliklarini o‘rganish bo‘yicha xalqaro ekspeditsiya o‘tkazishni taklif qildi.

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

2023 yilda muzliklarning erishi oqibatida yo‘qotilgan toza suv hajmi rekord darajadagi 600 gigatonnani tashkil etdi, bu esa dengiz sathining ko‘tarilishiga olib keldi. Bu haqda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 30 may kuni Dushanbeda muzliklarni asrash bo‘yicha birinchi xalqaro konferensiyada aytdi.

Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, muzliklarning tez erishi suv resurslari, iqlim barqarorligi, oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanishga ta’sir etuvchi eng keskin global muammolardan biriga aylandi.

Prezident so‘nggi o‘n yillikda dunyo tog‘ muzliklarining uchdan bir qismi yo‘qolganini, Markaziy Osiyo muzliklarining 60 foizdan ortig‘i jamlangan Tojikistonda 14 ming muzlikdan 1300 ga yaqini allaqachon tiklab bo‘lmas darajaga kelganini ta’kidladi.

«Muzlikning har bir yo‘qolgan zarrasi insoniyat kelajagiga tahdidni kuchaytirishga qaratilgan qadamdir», deb ta’kidladi Rahmon.

Davlat rahbari quyidagi tashabbuslarni taklif qildi:

- Tojikiston muzliklarini o‘rganish bo‘yicha xalqaro ekspeditsiya o‘tkazish;

- Kriosfera tadqiqotlari uchun hududiy laboratoriya yaratish;

- Muzliklarni himoya qilishning global strategiyasini amalga oshirish;

- Ilmiy ma’lumot almashinuvni rivojlantirish, shu jumladan sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari orqali;

- BMT huzurida tashkil etilgan Muzliklarni saqlash xalqaro jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash.

Imomali Rahmon Tojikiston tashabbusi bilan 2025 yil Xalqaro muzliklarni asrash yili, 21 mart esa Butunjahon muzliklar kuni deb e’lon qilinganini eslatdi. U Dushanbedagi konferensiya kriosferani himoya qilish bo‘yicha yangi xalqaro jarayonning boshlang‘ich nuqtasi bo‘lishiga umid bildirdi.

Anjumanda 80 ta davlatdan 2500 nafardan ortiq delegat ishtirok etmoqda.

Mavzuga oid