Jahon | 22:54 / 30.05.2025
2391
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Oliy sudi Trampga Baydenning migratsiya dasturini bekor qilishga ruxsat berdi

Sud qarori Tramp ma’muriyatiga Qo‘shma Shtatlarda gumanitar dastur doirasida yashab kelayotgan Kuba, Nikaragua, Venesuela va Haitidan kelgan migrantlarni deportatsiya qilish imkoniyatini taqdim etadi.

Foto: The New York Times

AQSh Oliy sudi Donald Tramp ma’muriyatiga Jo Baydenning 500 mingdan ortiq migrantga mamlakatda yashash imkoniyatini taqdim etish borasidagi gumanitar dasturini bekor qilishga ruxsat berdi, deb yozmoqda The New York Times.

«Sudya Ketanji Braun Jyekson nomiga berilgan va u tomonidan ko‘rib chiqishiga yuborilgan [sud qarorini] to‘xtatib turish bo‘yicha iltimosnoma qanoatlantirildi», — deyiladi qarorda.

Qaror AQShdagi Kuba, Nikaragua, Venesuela va Haitidan kelgan migrantlarni deportatsiya qilish imkonini beradi. Jo Bayden prezidentligi davrida ishga tushirilgan dastur ularga Qo‘shma Shtatlar hududiga kirish va xususiy homiy mavjudligi sharti bilan tezlashtirilgan tartibda ishlash uchun ruxsatnoma olish imkoniyatini taqdim etgan.

Bayden ma’muriyatining gumanitar dasturini bekor qilish taklifi — Trampning migratsiya siyosatiga bog‘liq ko‘plab qarorlaridan biridir. Prezidentlik muddati boshlanganidan keyin Donald Tramp ma’muriyati deportatsiya qilingalar ro‘yxatini e’lon qilishni to‘xtatib qo‘ydi. Aprelda Oq uy sud jarayonlari uzoq davom etishi sabab migrantlarni sud qarorisiz mamlakatdan chiqarib yuborishni taklif qildi.

20 may kuni sud Tramp ma’muriyatiga Venesueladan kelgan qariyb 350 ming migrantni deportatsiya qilishga ruxsat berdi. Ular AQShda vaqtinchalik himoya dasturi asosida yashab kelgan. Shu kuni The Washington Post gazetasi Tramp ma’muriyati yuz minglab migrantlar uchun deportatsiya rejasini ishlab chiqqani haqida yozdi. Sudan, Afg‘oniston, Yaman, Liviya, Ukraina va boshqa davlatlar fuqarolari ushbu ro‘yxatga kiritilishi mumkin.

Mavzuga oid