Jahon | 16:07 / 30.05.2025
6778
10 daqiqa o‘qiladi

AQShning G‘azo bo‘yicha sulhi: Isroil qabul qildi, Hamas ko‘rib chiqmoqda. Tafsilotlar

Donald Tramp va uning Yaqin Sharq bo‘yicha vakili Stiv Uitkoff ishlab chiqqan sulh rejasi Hamasga yuborildi. Hamas rasmiysi Bassem Naim ushbu sulh – xalqning «urush va ocharchilikni to‘xtatish» talabiga javob bermasligini aytdi. Netanyahu esa Uitkoffning rejalarini qabul qildi. Xo‘sh, AQShning sulh bitimida qanday shartlar nazarda tutilgan?

Isroil-G‘azo chegarasi yaqinidagi Isroil tanki. Foto: Amir Koxen / REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp va uning Yaqin Sharq bo‘yicha vakili Stiv Uitkoffning G‘azo bo‘yicha sulh rejasi Isroil tomonidan ma’qullandi. G‘azoga humanitar yordam kirishini ta’minlash va hududdagi urushni to‘xtatish bo‘yicha xalqaro bosim kuchayib borayotgan paytda ishlab chiqilgan taklif 29 may kuni Oq uy tomonidan Hamasga yuborilgan.

«Shuni tasdiqlayman: maxsus vakil Uitkoff va prezident Hamasga sulh taklifini yubordi, bu taklifni Isroil qo‘llab-quvvatladi. Taklif Hamasga yuborilishidan avval Isroil tomonidan imzolangan. Muzokaralar davom etmoqda va umid qilamizki, G‘azoda sulh o‘rnatiladi, shunda biz barcha garovdagilarni uyiga qaytara olamiz», dedi Vashingtonda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Oq uy matbuot kotibi Karolin Levit.

Karolin Levit / The New Republic

AQSh Davlat departamenti vakili Temmi Bryus esa Hamas Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bu sulh rejasini ma’qullaydimi-yo‘qmi, aniq emasligini aytgan. U «muayyan umidlar borligini» bildirgan va ushbu yangi taklif «katta salohiyatga ega» ekanini ta’kidlagan.

Sulh nimadan iborat?

Isroildagi manbaning ma’lum qilishicha, kelishuvning boshlang‘ich bosqichi 60 kunlik sulh va BMT nazoratidagi gumanitar yordam oqimini o‘z ichiga oladi.

Stiv Uitkoffning yangi taklifi tafsilotlari ommaga oshkor qilinmagan. Biroq Hamas rasmiysi va ismi oshkor etilmaslik sharti bilan Misr rasmiysi ayrim tafsilotlarni mustaqil tarzda tasdiqlagan. Reuters nashriga ko‘ra, yangi taklif quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • 60 kunlik jangovar harakatlarni to‘xtatish;
  • doimiy sulhga olib boruvchi jiddiy muzokaralarga kafolat;
  • Isroil garovdagilar ozod qilinganidan keyin urushni qayta boshlamasligi haqida kafolat;
  • Isroil armiyasi mart oyidagi sulh paytidagi pozitsiyalariga qaytishi;
  • Hamas bu 60 kunlik tanaffus davomida 10 nafar tirik garovdagi kishini va bir nechta jasadlarni ozod qiladi. Buning evaziga Isroil tomonidan 1100 dan ortiq falastinlik mahbuslar ozod etiladi;
  • bu muddat davomida har kuni yuzlab gumanitar yordam yuk mashinalari G‘azoga kirishiga ruxsat beriladi.

Mutaxassislarning aytishicha, Isroil tomonidan deyarli uch oy davom etgan blokada garchi so‘nggi kunlarda biroz yumshatilgan bo‘lsa-da, G‘azodagi aholiniochlik yoqasiga olib kelgan.

G‘azodagi vayronalar orasiga kirgan insonparvarlik yordami. Foto: REUTERS / Hussam Al-Masri

Ammo bu yangi taklif tomonlar o‘rtasidagi eng asosiy to‘siqni hal qila oladimi, bu hali noma’lum. Isroil Hamas qurolsizlanmaguncha va taslim bo‘lmaguncha harbiy harakatlarni davom ettirish imkoniyatini saqlab qolishni xohlamoqda. Hamas esa vaqtinchalik sulh doimiy urushni to‘xtatish va Isroilning G‘azodan to‘liq chiqib ketishi bilan yakunlanishiga kafolat talab qilmoqda.

Isroil va Hamas nima deydi?

Hamas rasmiylari esa Isroil tomonidan ma’qullangan ushbu loyihaga sovuqqonlik bilan munosabat bildirdi, biroq uni rasmiy javob berishdan avval batafsil o‘rganmoqchi ekanliklarini aytdi. «Tsionistik javob amalda ishg‘olni davom ettirish va o‘ldirish hamda ocharchilikni saqlab qolish degani», dedi Hamasning yuqori martabali rasmiysi Bassem Naim Associated Press muxbiri bilan suhbatda. Uning aytishicha «bu taklif xalqning urush va ocharchilikni to‘xtatish kabi talablariga javob bermaydi».

Bassem Naim / Middle East Monitor

Shunga qaramay, u tashkilot ushbu taklifni «milliy mas’uliyat bilan o‘rganib chiqishini» ta’kidladi. Xususan, Hamas rasmiysi BBC muxbiri bilan suhbatda bu taklif guruhning asosiy talablarini, jumladan, urushni to‘xtatishni qanoatlantirmasligini va ular tegishli vaqtda rasmiy javob berishini ma’lum qilgan. Reutersʼga ko‘ra, Hamas vakili guruh juma yoki shanba kuni rasmiy javobini berishini aytgan.

Isroil hukumati hozircha bu borada rasman izoh bermagan. Ammo bosh vazir Binyamin Netanyahu payshanba kuni garovdagilarning oilalariga Uitkoff rejasini qabul qilganini aytgan.

«Biz Uitkoffning kechqurun taqdim etilgan yangi rejasini qabul qilishga rozimiz. Hamas hali javob bergani yo‘q. Biz Hamasning so‘nggi garovdagini ozod qilishiga ishonmaymiz va barcha garovdagilar qo‘limizga o‘tmaguncha G‘azodan chiqmaymiz», deya Netanyahudan iqtibos keltirdi Channel 12 telekanali.

Binyamin Netanyahu / Isroil hukumati matbuot xizmati

Netanyahu matbuot xizmati keyinroq bayonot chiqarib, telekanal muxbirlaridan birini uchrashuv xonasiga yashirin ravishda audio yozish moslamasi olib kirishga harakat qilganlikda aybladi. Biroq AQShning taklifi qabul qilingani haqidagi xabarni inkor etmadi.

Ular nima xohlaydi?

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu urushni tugatishdan avval barcha garovdagilar ozod qilinishi, Hamas esa yo‘q qilinishi yoki qurolsizlantirilib, surgun qilinishi kerakligini aytgan. Shuningdek, u Isroil G‘azoni muddatsiz nazorat qilishini va aholisining katta qismi ko‘chib ketishini rag‘batlantirishini bildirgan.

Ayni vaqtda falastinliklar va xalqaro hamjamiyatning katta qismi bu rejalarni rad etgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, G‘azo aholisini majburan ko‘chirish xalqaro huquqni buzadi.

Hamas esa qolgan garovdagilarni faqat shartli ravishda ozod qilishga tayyor: ko‘proq falastinlik mahbuslar ozod etilishi, doimiy sulh o‘rnatilishi va Isroil G‘azodan to‘liq chiqib ketishi evaziga. Hamas shuningdek, hokimiyatni mustaqil falastinlik siyosiy qo‘mitaga topshirishga tayyorligini bildirgan.

G‘azodagi tepalikda turgan Hamas askarlari. Foto: Getty Images

Asosiy ziddiyat: Isroil vaqtinchalik sulh asosida garovdagilarni ozod qilishni xohlasa, Hamas doimiy sulh evaziga harakat qilmoqda. Bu farq AQSh, Misr va Qatar vositachiligidagi muzokaralarda bir yarim yildan beri to‘siq bo‘lib kelmoqda va hanuz hal etilmagan.

Isroillik siyosiy sharhlovchi Akiva Eldar Al-Jazeeraʼga bergan intervyusida Netanyahu Hamas bu rejani qabul qilolmasligini bilgan holda uni ilgari surayotgani haqidagi farazni aytgan.

«Bu holat g‘alati – odatda birinchi bo‘lib taklifni qabul qiladigan Hamas bo‘lardi. Netanyahu, ehtimol, Hamas bu rejani qabul qilolmasligini bilgan holda uni ilgari surmoqda, shunda ularni “yomonlar” sifatida ko‘rsatib, urushni davom ettira oladi. Bu ilgari ham bo‘lgan. Netanyahu aybni ular zimmasiga yuklagan», – degan Eldar.

Isroilga xalqaro bosim ortmoqda

18 oylik urushdan so‘ng, har qanday jangovar harakatlarning to‘xtatilishiga doir bitim – xalqaro hamjamiyat, jumladan, Isroilning ittifoqchilari tomonidan bosim ortib borayotgan bir paytda yuz bermoqda. Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Kanada va Fransiya so‘nggi haftalarda Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlarini kengaytirgani va tinch aholi qurbonlari soni ko‘payganini qattiq tanqid qilib, sanksiyalar bilan ogohlantirgan edi.

Hatto Trampning o‘zi ham lavozimga kirishganida Binyamin Netanyahu bilan yaqin munosabatda bo‘lganiga qaramay, so‘nggi haftalarda Isroilni urushni tugatish bo‘yicha harakat qilishga da’vat qilmoqda.

«Biz ular bilan gaplashmoqdamiz va bu butun holatni iloji boricha tezroq to‘xtatishni istaymiz», degan edi Tramp o‘tgan yakshanba kuni jurnalistlarga.

Joriy yil yanvar oyida ham Isroil va Hamas urushni to‘liq tugatish va qolgan garovdagilarni ozod etishga qaratilgan ko‘p bosqichli sulh rejasiga rozilik bergandi. Biroq mart oyi o‘rtalarida Isroil muzokaralarning keyingi bosqichi tafsilotlarida kelishuv bo‘lmagani sabab sulhni bekor qilib, harbiy harakatlarni boshladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Hamasda 58 nafar garovda olingan odam qolgan, ularning 20 ga yaqini tirik bo‘lishi mumkin.

Saher Alghorra / The New York Times

Isroilning Hamas bilan so‘nggi yirik urushi 2023 yil 7 oktyabrdan boshlandi. O‘shanda Hamas Isroilning janubiy hududlariga hujum uyushtirdi. Mahalliy OAV 1200 kishi halok bo‘lgani va 250 kishi garovga olinganini xabar beradi. Shundan so‘ng Isroil G‘azoda boshlagan keng ko‘lamli urush genotsidga aylanib ketdi. Xususan, G‘azo sog‘liqni saqlash organlari ma’lumotiga ko‘ra, oxirgi 1,5 yilda harbiy harakatlar oqibatida 54 000 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. 120 mingdan ortiq falastinlik jarohat oldi. G‘azodagi deyarli barcha infrastruktura, fuqarolik obektlari vayron qilindi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning yer usti amaliyotlari va evakuatsiya buyruqlari natijasida 600 mingdan ortiq odam yana ko‘chirilgan. BMT homiyligidagi IPC hisoboti esa yaqin oylarda 500 ming kishi ochlikning halokatli darajalariga yuz tutishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Mavzuga oid