O‘zbekiston | 13:48 / 30.05.2025
3125
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi mavqeyiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar aytildi

Xususan, ayrim sohalardagi korrupsiya holatlari, qonunlarga rioya etishdagi muammolar, matbuot erkinligiga oid kamchiliklar mamlakatning reytinglardagi mavqeyiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Foto: Oliy Majlis Senati

Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida O‘zbekistonning ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishi to‘g‘risidagi milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi.

Senatorlar mamlakat xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda davlat boshqaruvi samaradorligini baholashda muhim ahamiyat kasb etadigan ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi mavqeyini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha muhokama qildi.

Iqtisodiyot va moliya hamda Adliya vazirliklari mutasaddilari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalardagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Ma’ruzada ta’kidlanganidek, 2024 yilda mamlakat uchun ustuvor deb belgilangan 20 ta xalqaro reyting va indekslardan 10 tasida O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari yaxshilandi, 2 tasida holat o‘zgarmasdan qoldi, 2 tasi bo‘yicha esa natijalar hali e’lon qilinmagan.

Ushbu natijalar davlat organlari, jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlarining muvofiqlashtirilgan hamkorligi, aniq indikatorlar asosida amalga oshirilgan islohotlar samarasi ekani ta’kidlandi. Jumladan, “Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi”da O‘zbekiston 6 pog‘onaga yuqorilab, 193 davlat orasida 63-o‘rinni egalladi. Mamlakat “yuqori”dan “juda yuqori” toifaga o‘tgan 17 davlat qatoriga kirdi.

“Ayollar, biznes va qonun” indeksida 48 pog‘onaga sakrash hisobiga 190 mamlakat ichida 91-o‘rin, 82,5 ball ko‘rsatkich qayd etildi. So‘zga chiqqanlar bunday ko‘rsatkich gender tengligi, ayollar huquqlari va imkoniyatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlarning natijasidir.

Iqtisodiy erkinlik indeksida ham 6 pog‘onaga o‘sish qayd etildi yoki O‘zbekiston 103-o‘rinni egalladi. Shunga qaramasdan, Davlat budjeti va davlat qarziga oid ko‘rsatkichlar hali ham izchil islohotlarni davom ettirish talab etilmoqda.

Milliy ma’ruza tahlillari ayrim reyting va indekslarda pasayish holatlarini ham ko‘rsatdi. Xususan, ayrim sohalardagi korrupsiya holatlari, qonunlarga rioya etishdagi muammolar, matbuot erkinligiga oid kamchiliklar mamlakatning reytinglardagi mavqeyiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida Oliy Majlis Senati tomonidan tegishli qaror qabul qilindi. Unda sohalar bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqish, mas’ul idoralar faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish, mas’uliyatni oshirish hamda reyting ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir etuvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha istiqbolga mo‘ljallangan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Mavzuga oid