O‘zbekiston | 13:44 / 30.05.2025
1130
3 daqiqa o‘qiladi

Yilning birinchi choragida salkam 1 mlrd dollarlik turizm xizmatlari ko‘rsatildi

Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida Iqtisodiyot va moliya vazirligining mamlakat hududlarida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqidagi axboroti eshitildi.

Foto: Kun.uz

2025 yilning yanvar-mart oylarida respublikada bozor xizmatlari hajmi 210,8 trln so‘mni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 112,6 foizga oshdi. Hududlar kesimida xizmatlar sohasida yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent shahrida (116,9 foiz), Samarqand (114,0 foiz) va Navoiy (113,1 foiz) viloyatlarida qayd etilgan.

Joriy yilning birinchi choragida xizmat ko‘rsatish sohasida hududlarda chakana savdoda 5,2 mingta, maishiy xizmatda 1,4 mingta, turizm bilan bog‘liq yo‘nalishlarda 738 ta, ta’lim va tibbiyot sohalarida 730 ta hamda 3,6 mingdan ziyod boshqa xizmat ko‘rsatish obektlari ishga tushirilgan.

Respublikada yangi savdo va servis obektlari ishga tushirilishi natijasida 23,3 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Transport sohasida 3 708 ta yo‘nalishda 36,2 ming jamoat transporti harakatlanishi yo‘lga qo‘yilib, 333,6 mingta yo‘lovchi tashish xizmatlari ko‘rsatilgan.

Joriy yilning birinchi choragida respublikaga 2,1 mln nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurib, 927 mln dollarlik turizm xizmatlari ko‘rsatilgan.

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida hududlar bo‘ylab 2,3 mln kishining sayohati amalga oshirilgan. Turizm va unga yondosh sohalar yo‘nalishida 1,8 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Senatorlar tomonidan mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim muammolarga e’tibor qaratildi.

Jumladan, xizmatlar sohasida ijara, ta’limga doir, shaxsiy xizmatlar va savdo xizmatlari hajmi o‘sishi sur’atlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sekinlashgani hamda yashirin iqtisodiyot ulushi saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Shuningdek, sohada faoliyat ko‘rsatmasdan kelayotgan tadbirkorlar mavjudligi, xizmatlar sohasida aholini ish bilan ta’minlash borasidagi dastur ijrosini ta’minlashda Buxoro, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlarida va Toshkent shahrida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilindi.

Yalpi majlisda hududlarda xizmatlar sohasida mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, xizmatlar turlarini kengaytirish va sifatini oshirish orqali xizmatlar hajmining o‘sish sur’atlarini ta’minlash, xizmatlar ko‘rsatish yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarda xodimlarni ishga rasman qabul qilish va tizimda qayd etishni takomillashtirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid