Jamiyat | 20:37 / 31.05.2025
5735
3 daqiqa o‘qiladi

«Milliy tibbiyot texnikumi» da kasbiy ta’lim berish va diplom taqdim qilish huquqi yo‘q - Vazirlik

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi «Sino tibbiyot bilim yurti» («Milliy tibbiyot texnikumi» MChJ) nomi ostida faoliyat yuritayotgan muassasa litsenziyasiz tarzda abituriyentlarni o‘qishga qabul qilayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Unda mazkur muassasa o‘quvchilarga diplom taqdim etish huquqiga ega emasligi qayd etilgan.

«„Sino tibbiyot texnikumi“ MChJ professional ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun 217206-sonli litsenziyaga ega bo‘lib, mazkur litsenziyaga asosan Farg‘ona viloyati, Farg‘ona shahri, „Shodiyona“ MFY, Sohibqiron Temur ko‘chasi, 245-uyda faoliyat yuritmoqda hamda «Milliy tibbiyot texnikumi» MChJ da professional ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziyasi mavjud emas.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, Xorazm viloyati, Urganch shahri, „Ko‘hna qal’a“ MFY, Tinchlik ko‘chasi 29-uy manzilida faoliyat yuritayotgan tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan „Milliy tibbiyot texnikumi“ MChJ kasbiy ta’lim berish va tahsil olgan o‘quvchilarga diplom taqdim etish huquqiga ega emas», – deyiladi munosabatda.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Urganch shahrida nodavlat tibbiyot texnikumi litsenziya olmasdan faoliyat ko‘rsatgani haqida mahalliy bloger tayyorlagan video tarqalgandi. Unda bloger «Sino tibbiyot bilim yurti» yoki «Milliy tibbiyot texnikumi» MChJ nomi ostida faoliyat yuritayotgan muassasa litsenziyasiz tarzda abituriyentlarni o‘qishga qabul qilayotgani haqida fikr bildirgan.

Bloger keyingi videosida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ullaridan javob xati olganini aytib, mazkur hujjatda litsenziyaga ega bo‘lmasdan targ‘ibot olib borgan ayrim muassasalar ogohlantirilgani qayd etilganini ma’lum qilgan.