Oq uy kelasi hafta Rossiya va Ukraina to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishiga umid qilmoqda
AQSh Istanbul tinchlik muzokaralarining ikkinchi bosqichiga umid bildirdi.

Foto: REUTERS
Qo‘shma Shtatlar Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarning ikkinchi bosqichi kelasi hafta Istanbulda bo‘lib o‘tishiga umid bildirmoqda.
Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt 29 may, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi. «Biz bu uchrashuv bo‘lib o‘tishiga ishonamiz», dedi Levitt.
«Umid qilamizki, Rossiya va Ukraina kelgusi hafta Istanbulda haqiqatan ham to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazadi. Biz bu uchrashuv bo‘lib o‘tishiga ishonamiz», — dedi matbuot kotibi.
Uning ta’kidlashicha, aynan shunday uchrashuv prezident Donald Tramp tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanadi va har ikki tomon to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar stoliga o‘tirishini talab qiladi.
Levitt shuningdek, mojaro boshlanganidan beri Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinni ham, Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiyni ham mojaroga barham berish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilishga chaqirganini eslatdi.
U, shuningdek, agar Donald Tramp qaror qilsa, Oq uy Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi Istanbuldagi muzokaraga Amerika vakilini yuborishiga ishontirdi.
Bir kun avval Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi 2 iyun kuni Istanbulda Ukraina tomoniga inqirozning asosiy sabablarini hal qilishning barcha asosiy masalalari bo‘yicha Moskva pozitsiyasini ifodalovchi memorandumni taqdim etishga tayyorligini ma’lum qildi.
Kreml payshanba kuni 2 iyunda Istanbulda muzokaralarning yangi raundi o‘tkazilishi yuzasidan Ukrainadan hali javob olmaganini ma’lum qildi. «Biz 2 iyun, dushanba kuni Istanbulda ikkinchi raund uchun uchrashishni taklif qilgan edik. Bilishimcha, hozircha hech qanday javob olinmagan», dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Mavzuga oid

22:40 / 31.05.2025
“G‘arbiy Sibirni o‘zbeklar boshqargan” – tahlilchilar Rossiyada ko‘tarilgan shov-shuv haqida

17:33 / 31.05.2025
Rossiya «bufer zona» yaratish uchun Sumi oblastiga hujum qilmoqda. Bu amalga oshadimi?

16:55 / 31.05.2025
Rossiya Zaporojiye yo‘nalishida hujum boshladi – Sirskiy

14:42 / 31.05.2025