Sport | 01:30 / 01.06.2025
13209
4 daqiqa o‘qiladi

Mashhurlar ishtirokidagi futbol turnirida janjal uyushtirganlardan biri 10 sutkaga qamaldi

Alisher Uzoqov, Abdurahmon Mavlonov, Nurjalol Rahmonaliyev va Dilshod O‘rozboyev 3 mln 750 ming so‘mdan jarima to‘laydigan bo‘ldi.

Jar stadionida o‘tgan “Like Cup” loyihasi bir guruh ishtirokchilar o‘zaro kelishib janjallashishgan. Ularning maqsadi hayp qilish orqali ijtimoiy tarmoq sahifalarida obunachilar sonini ko‘paytirish bo‘lgan. Atayin uyushtirilgan janjal ortidan 4 fuqaroga jarima, 2 nafariga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Toshkent shahar IIBB Shayxontohur tumani Jar stadionida yuzaga kelgan janjalli holat yuzasidan lavha e’lon qildi. Unga ko‘ra, “Like Cup” loyihasi doirasida san’atkorlar va blogerlar o‘rtasida futbol bo‘yicha o‘tkazilgan o‘yinda bir guruh blogerlar o‘zari kelishib, janjallashishgan. 

Boshqarma janjalni keltirib chiqarganlar bilan suhbatlashib, nima sabab bu ish qilinganiga izoh olgan. Ta’kidlanishicha, qatnashuvchilar to‘polon ortidan yanada mashhurlikka intilishgan. 

“O‘zi bu oldindan kelishilgan edi, misol uchun janjallashib ketishimiz. Bu – piar-da, shou qilmoqchi bo‘lganman.

Men endi yangi chiqqan blogerman, o‘zimga xayp ishlamoqchi bo‘ldim. Xalqdan kechirim so‘rayman, bu ish boshqa takrorlanmaydi”,– degan urushganlardan biri.

“Sal mashhurroq bo‘lib, sal daromadimni ko‘paytirish maqsadida bular bilan kelishdik. Afsuski, ko‘pchilikka aytmaganimiz uchun tushunishmagan ekan.
Do‘stim borib [boshi bilan urishu] nima qilish kerak edi, men borib yelka berishim kerak edi, qochib qolishi kerak edi. Bu ishimizdan afsusdamiz.
Bu qilgan ishlarimiz boshqa qaytarilmaydi”,– degan yana biri.

Vaziyat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan tekshiruv o‘tkazilib, turnir ishtirokchilari bilan profilaktik suhbat olib borilgan. “Like Cup” loyihasi jamoatchilik o‘rtasida keskin e’tirozlar keltirib chiqarganligi va huquqbuzarlik sodir etilishiga sabab bo‘lganligi uchun vaqtincha to‘xtatilgan.

“Juda katta xato bo‘ldi, ya’ni biz tashkilotchilar tomonidan va qolaversa, mana shu epizodni yuzaga keltirgan ayrim bir futbolchilar tarafidan xunuk holat yuzaga keldi va bu holat bir madaniyat xodimi sifatida meni o‘zimga juda qattiq ta’sir qildi. Biz tarafdan mana shuni nazoratga ololmaganimiz, ularning hissiyotlarini biz nazoratga ololmaganimiz tashkilotchilarning katta xatosi bo‘ldi deb o‘ylayman. Xalqimizdan ham shu yigitlarni ko‘rsatgan hunari uchun uzr so‘rayman”,– degan loyiha tashkilotchisi Alisher Uzoqov.

Jinoyat ishlar bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining sayyor sud majlisida Alisher Uzoqov, Abdurahmon Mavlonov, Nurjalol Rahmonaliyev va Dilshodbek O‘rozboyev  MJtKning 183-moddasi hamda 194-moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, to‘rttala huquqbuzarning har biriga BHMning 10 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan. 

Janjalda qatnashgan Ozodbek O‘rozboyev esa MJtKning 183- hamda 194-moddansiing birinchi qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. 

Yana bir ishtirokchi Kamoliddin Mamajonov ham MJtKning shu moddalari bilan aybdor deb topilib, BHMning 12 barobari miqdorda jarima jazosiga tortilgan.

Mavzuga oid