Fan-texnika | 20:05 / 07.06.2025
1196
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh startapi bo‘lajak farzandning ko‘z rangi, bo‘yi va aql darajasini tanlashni taklif qildi

Tizim embrionlarni minglab parametrlar bo‘yicha baholaydi, jumladan, ruhiy tushkunlik, diabet va hatto kal bo‘lish tendensiyasini.

Foto: 123rf

Amerikaning Nucleus startapi Embryo deb nomlangan xizmatni ishga tushirdi: u EKO jarayonidan o‘tayotgan ota-onalarga kerakli genetik xususiyatlarga ega embrionni tanlash imkonini beradi. Bularga nafaqat salomatlik, balki tashqi ko‘rinish, bo‘yi, aql va hatto shaxsiy ayrim xususiyatlariga moyillik ham kiradi.

Texnologiya genlarni tahrirlashni o‘z ichiga olmaydi. Buning o‘rniga, tizim allaqachon mavjud embrionlarning DNKsini tahlil qiladi va ota-onalarga eng mosini tanlashni taklif qiladi. Platformaning interfeysi kelajakdagi bolalar uchun variantlarni 1 mingdan ortiq parametrlar, jumladan, irsiy kasalliklar, onkologiya, diabet, ruhiy kasalliklar va hatto kal bo‘lish ehtimoli bo‘yicha solishtirish imkonini beradi. Ko‘z va soch rangi kabi tashqi xususiyatlar, shuningdek, aqliy qobiliyatlar bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar ham baholanadi.

Xizmat narxi 6 ming dollar. Biroq, kompaniya 100 foiz natijaga kafolat bermasligini ta’kidlaydi – Nucleus faqat bolada kerakli xususiyatlarning paydo bo‘lish ehtimolini oshiradi. Odatda, bir siklda ko‘chirish uchun mos bo‘lgan uch-oltita embrionni olish mumkin va ular orasida tanlov amalga oshiriladi.

Xizmat allaqachon jamiyatda bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Ba’zi ekspertlar axloqiy xavf-xatarlarga ishora qiladi, boshqalari esa ongli tanlov hayotni saqlab qolish va kelajak avlodlar salomatligini yaxshilashiga ishonishadi.

Har qanday holatda, Nucleus genlarni tahrirlashni taklif qilmaydi, faqat tanlashni taklif qiladi - bu esa jarayonni AQSh amaliy qonunchiligi doirasida imkon qadar xavfsiz va axloqiy jihatdan maqbul qiladi.

Mavzuga oid