O‘zbekiston | 21:35 / 09.06.2025
1981
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro aeroportida elektr ta’minoti yarim soatga uzilib qoldi

Voqea 5 iyun kuni ro‘y bergan. Energetika vazirligi bu iste’molchining ichki muammosi bo‘lganini ma’lum qildi. Kun.uz'ning aeroportdagi manbasiga ko‘ra, rekonstruksiya ishlari doirasida 10 daqiqalik rejali o‘chirish qilingan, lekin kutilmaganda qisqa tutashuv yuz berib, uchib kelish zalida yarim soatga yaqin tok bo‘lmagan. Holat samolyotlarni qabul qilish va uchirish operatsiyalariga ta’sir ko‘rsatmagani aytildi.

Uchib kelish zali / Tarmoqqa Abu-Ali Niyazmetov yuklagan videodan kadrlar

5 iyun kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida 30 daqiqalik chiroq o‘chishi kuzatildi. Bu haqda aeroport hududida bo‘lgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ma’lum qildi.

Tarmoqlarda yozishlaricha, chiroq yo‘qligi sabab chegara va bojxona nazoratidagi texnik vositalar ishlamagan. Natijada katta navbatlar yuzaga kelgan, nazorat punktida odamlar to‘planib qolgani uchun qo‘ngan samolyotlar bortidan bir muddat yo‘lovchilar tushirilmagan.

Abu-Ali Niyazmatov ismli Facebook foydalanuvchisi aeroportdan video ham joylagan. Unda haqiqatan ham uchib kelish zalida chiroq bo‘lmagani, yuklar aylanuvchi lenta to‘xtab qolgani, zalda faqat reklama monitorlari ishlayotgani ko‘rinadi.

Voqeadan 3 kun o‘tib, holatga Telegram'da blog yuritadigan faollar e’tibor qaratgach, Energetika vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

“Aeroport balansida bo‘lgan 0,4 kW shitda yoki taqsimlash punktida nosozlik ro‘y bergan. Energetika vazirligi va tizim tashkilotlari elektr energiyasini aeroport hududiga qadar uzluksiz va barqaror yetkazib bergani bois mazkur voqeadan xabari bo‘lmagan. Bunday vaziyatda esa, tabiiyki, elektr energiyasini iste’molchigacha yetkazib bergan mutasaddi tashkilotlarni ayblash noo‘rin”, – deyiladi vazirlik axborotida.

Uzbekistan Airports esa holatga izoh bermadi. Kompaniya matbuot xizmati bu boradagi Kun.uz so‘rovini e’tiborsiz qoldirdi.

Kun.uz'ning aeroportdagi manbasiga ko‘ra, elektrdan uzilish Toshkent xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari jarayonida rejali amalga oshirilgan. Bunda 10 daqiqa ta’minotdan uzish reja qilingan, lekin tarmoq ko‘tarolmagani sabab uzilish 30 daqiqaga cho‘zilib, uchib kelish zalida vaqtinchalik elektr o‘chishiga olib kelgan.

Ta’kidlanishicha, bu uzilish samolyotlarni qabul qilish va o‘chirish operatsiyalariga ta’sir ko‘rsatmagan.

Mavzuga oid