O‘zbekiston | 10:00 / 10.06.2025
1253
2 daqiqa o‘qiladi

Batareykalarni xavfsiz yo‘q qilish bo‘yicha ekoloyiha ishga tushirildi

Toshkentda ekologik yo‘nalishdagi www.batareykalar.uz loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

Ushbu tashabbus 2024 yilda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tashkil etilgan «Yoshlar — kelajak bunyodkori!» ekologik va turistik forumida «Eng yaxshi ekologik loyiha» nominatsiyasida g‘olib deb topilgan. Loyiha muallifi va taqdimot tashabbuskori ekofaol Feruzbek Sayfullayevdir.

Loyiha eng dolzarb ekologik muammolardan biri — ishlatilgan batareykalarni xavfsiz yig‘ish va yo‘q qilish masalasiga qaratilgan. Ushbu chiqindilar tarkibida qo‘rg‘oshin, kadmiy, simob, nikel va litiy kabi og‘ir metallar mavjud bo‘lib, ularning noto‘g‘ri utilizatsiyasi atrof-muhit hamda inson salomatligi uchun jiddiy tahdid tug‘diradi.

Mazkur tashabbus doirasida butun mamlakat bo‘ylab 100 ta maxsus konteyner o‘rnatildi. Yig‘ish punktlarining aniq manzillari www.batareykalar.uz platformasida joylashtirilgan bo‘lib, har bir fuqaro o‘ziga eng yaqin konteynerni osongina topishi mumkin.

Hozirda respublika hududlarida 28 ta chiqindi yig‘ish punkti faoliyat yuritmoqda. Har bir punkt Ekologiya vazirligi hamda Chiqindilarni boshqarish agentligining hududiy boshqarmalarida va supermarketlarda joylashtirilgan. Toshkent shahrida esa 72 ta punkt ishga tushirilgan bo‘lib, ularning yarmi do‘konlarda, qolganlari davlat idoralari va ta’lim muassasalarida joylashgan.

Mavzuga oid