Jahon | 21:38 / 10.06.2025
4305
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlik uchun Isroilning ikki vaziriga qarshi sanksiyalar joriy etdi

Isroilning moliya va milliy xavfsizlik vazirlari G‘arbiy sohildagi Falastin aholisiga nisbatan takroriy zo‘ravonlikka undovchi harakatlari uchun Britaniya sanksiyasiga uchradi. Rasmiy Londonga ko‘ra, inglizlar ommaviy tarzda ham, yopiq eshiklar ortida ham Isroildan bosqinchilikni va ko‘chkindilarning zo‘ravonliklarini to‘xtatishni talab qilmoqda.

Itamar Ben-Gvir va Betsalel Smotrich

Buyuk Britaniya Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Cheklovlar ushbu amaldorlarning O‘rdun daryosining G‘arbiy sohilidagi «Falastin jamoalariga nisbatan takroriy zo‘ravonlikka undovchi harakatlariga javoban» qabul qilindi.

Qayd etilishicha, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya va Norvegiya bunday amalyotlariga qarshi «zudlik bilan chora ko‘rishga» chaqirgan.

«Buyuk Britaniya ochiqchasiga ham, yopiq eshiklar ortida ham Netanyahu hukumatiga Isroil noqonuniy manzillarni kengaytirishni to‘xtatishi, Falastin davlatining kelajagini izdan chiqarayotgan bu harakatlarga barham berishi, ko‘chkindilarning zo‘ravonliklarini to‘xtatishi va har ikki shaxsning buzg‘unchi bayonotlarini qoralashi lozimligini aniq bildirib kelmoqda», — deyiladi Britaniya TIV saytida.

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Britaniya hukumatining ushbu qarorini «g‘azabni qo‘zg‘atadigan» deb atadi. U kelasi hafta bosh vazir Binyamin Netanyahu bilan uchrashib, Isroilning javobini muhokama qilishini bildirdi.

2024 yil iyulda BMT Xalqaro sudi Isroilni G‘azo sektorida okkupatsiya bilan shug‘ullanayotgan davlat, deb tan olgandi. O‘shanda sud Isroilni Falastin yerlarini okkupatsiya qilishni zudlik bilan bas qilishga chaqirgan.

Xalqaro sudda qayd etilishicha, Falastin yerlari bo‘laklangan alohida hududlar emas, yagona hududiy birlik hisoblanadi. Isroil, shuningdek, Sharqiy Quddus va O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilida ham okkupant hisoblanadi.

Mavzuga oid