Jahon | 21:25 / 10.06.2025
2016
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda raketa yordamida tovarlarni yetkazib berish texnologiyasi sinovdan o‘tkazildi

Uzunligi 26,8 metrni tashkil etgan raketa 2,5 kilometr balandlikka ko‘tarildi va 125 soniya parvoz qilib, Shandun provinsiyasi yaqinidagi dengiz yuzasiga vertikal holatda qo‘nishni amalga oshirdi.

Foto: Sepoch

Xitoyda ilk bor marketpleys posilkalari raketalar yordamida yetkazib berildi. Bu turdagi tarjibani SEPOCH xususiy kompaniyasi amalga oshirdi, deb xabar beradi Xinhua agentligi.

Qayd etilishicha, 29 may kuni SEPOCH startapi Xitoyning sharqiy sohillarida o‘zining XZY-1 raketasini sinovdan o‘tkazgan. Uning bortida mamlakatdagi eng katta marketpleys — Taobao’ning 20 kilogrammdan ortiq tovari bo‘lgan. Tajriba yukidan test uchun maxsus tayyorlangan otkritkalar va Milliy kutubxonaning rasmiy do‘konidan olingan mahsulotlar o‘rin olgan.

Uzunligi 26,8 metrga, og‘irligi esa 57 tonnaga yetadigan raketa 2,5 kilometr balandlikka ko‘tarilgan va 125 soniya parvoz qilib, Shandun provinsiyasi yaqinidagi dengiz yuzasiga vertikal holatda qo‘nishni amalga oshirgan. 18 soatdan keyin mutaxassislar uni hech qanday shikastlarsiz suvdan chiqarib olgan va bazaga qaytarib olib kelgan.

Raketaning yuk bo‘lmasi sig‘imi 120 metr kubni tashkil etadi va 10 tonnagacha yukni ko‘taradi. Kompaniya hisob-kitoblariga ko‘ra, u yengil avtomobillar va kichik yuk mashinalarini tashishga mos keladi. SEPOCH asoschisi Vey I bo‘lma germetilik, yong‘inga va mexanik shikastlarga bardoshlilik bo‘yicha sinovdan muvaffaqiyatli o‘tganini ma’lum qildi. Qo‘nish amalga oshirilgan zahoti u do‘stlariga «Posilka yetkazildi, iltimos, tekshiring!» deb yozgan.

Xinhua agentligiga ko‘ra, ushbu texnologiya logistika sohasida inqilobni yuzaga keltirishi mumkin. Ammo hozircha undan kundalik hayotda foydalanish juda qimmat. Yaqin kelajakda muhandislar jamoasi tezkor yetkazib berishlar va olis hududlarga jo‘natmalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid