Iqtisodiyot | 14:44 / 11.06.2025
2356
7 daqiqa o‘qiladi

“Ortga qaytmas islohotlarimizni izchil davom ettiramiz” - Shavkat Mirziyoyev investorlar bilan uchrashdi

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisida Shavkat Mirziyoyev kengash kotibiyatining mustaqilligini oshirib, uni yuridik shaxsga aylantirishni taklif qildi. Elektr tarmog‘iga ulanish, garov to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish va soliq ma’murchiligi bo‘yicha ishchi guruhlar tuziladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

11 iyun kuni Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan tadbirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, Masdar, Indorama, ACWA Power, Vision Invest, DataVolt, Veon, Boeing, Air Producs, SpaceX, Meta, John Deere, Franklin Templeton, Suez, EDF, Total Energies, Voltalia, Orano, Linde, Claas, Sojitz, Bomi, OTP Bank, Goldwind, Çalik, Çengiz, Aksa, JBIS kabi yetakchi kompaniya va banklar rahbarlari ishtirok etdi.

Shuningdek, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari – Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki va Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi vakillari ham qatnashdi.

Prezident Mirziyoyev so‘zining avvalida kuni kecha o‘tgan to‘rtinchi Toshkent investitsiya forumining samarali natijalarini qayd etdi hamda kengash a’zolariga Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi va ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi.

Erishilgan natijalar

Davlat rahbariga ko‘ra, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘tgan yili O‘zbekistonga rekord miqdorda – 1 milliard dollarga yaqin investitsiya kiritgan. O‘zbekiston bu bankning mintaqadagi eng yirik hamkoriga aylandi.

Shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlarining xususiy sektor bilan hamkorligi kuchayib, ular bir qator ilg‘or korxonalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar kiritishdi. Jumladan, bir yil davomida ularning xususiy kompaniya va banklar bilan qo‘shma loyihalari hajmi 1 milliard dollardan ortdi.

“Yashil” energiya, chiqindilarni qayta ishlash, elektr energiyasini saqlash, “yashil” vodorod ishlab chiqarish kabi sohalarda Acwa Power, Masdar, Linde, Shanghai Environment, Total Energies singari yetakchi kompaniyalar 8 milliard dollardan ziyod investitsiya kiritib, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda.

Raqamli texnologiyalar sohasida esa DataVolt kompaniyasi mintaqadagi eng yirik “yashil data markaz”ni, Veon kompaniyasi sun’iy intellektga asoslangan “mobil super-ilova”ni yaratish bo‘yicha loyihalarni boshlagani qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Ernst & Young, Dentons, Knauf, TBC kabi kompaniyalar milliy qonunchilikni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish bo‘yicha takliflar bergan, ularning tashabbuslari 10 dan ortiq qonun, farmon va qarorlarda o‘z aksini topgan.

Prezidentning aytishicha, O‘zbekistonda so‘nggi ikki yilda chet el kapitali ishtirokidagi 5,5 mingta yangi korxona tashkil etilgan. Ularning umumiy soni 16 mingtaga yetgan.

Investorlarning murojaatlari

“Biz bugungi uchrashuvga mutlaqo boshqacha tayyorgarlik ko‘rdik. Xorijiy korxonalar bilan birma-bir gaplashib, bildirilgan 40 dan ziyod tashabbuslarni saralab oldik. Jumladan, sarmoyadorlar soliq qonunchiligi barqarorligini ta’minlash, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni ko‘paytirish, infratuzilma sohalarida xususiy sektor ulushini oshirish bo‘yicha takliflarni berdilar.

Biz ularning barchasini albatta inobatga olamiz va Kengash a’zolari bilan har bir taklif ustida jiddiy ishlayapmiz. Masalan, 2028 yilga qadar biznes uchun asosiy soliq stavkalari o‘zgarmasligini e’lon qildik. Joriy yilda yo‘l, transport, energiya, suv, irrigatsiya sohalarida qariyb 4,5 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini boshladik. Xalqaro moliya hisobotlari standartlariga o‘tish hamda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruvni joriy etish bo‘yicha normativ huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.

Ko‘p murojaatlar elektr tarmoqlariga ulanish bo‘yicha kelib tushdi. Bunda, albatta, eng ilg‘or xorijiy tajribadan foydalanishimiz shart va zarur. Shuning uchun bu borada Kengashimiz qoshida alohida ishchi guruh tuzib, aniq mexanizmlarni ishlab chiqishni taklif qilaman.

Tushgan takliflardan kelib chiqib, garov to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish, xorijiy kompaniyalar uchun professional kadrlarni tayyorlash, mahalliy kompaniyalarda korporativ boshqaruvni yaxshilash, soliq ma’murchiligi bo‘yicha qo‘shimcha ishchi guruhlar tashkil etiladi.

O‘tgan yig‘ilishimizda kun tartibidagi eng dolzarb yo‘nalishlarda – raqamlashtirish, mas’uliyatli biznes yuritish va muqobil investitsiya bo‘yicha ishchi guruhlar tuzib olgan edik. Bugun ularning taqdimotlari bilan tanishamiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xorijiy investorlar kengashi yuridik shaxsga aylanadi

O‘zbekiston prezidenti oxirgi bir yilda o‘zining huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining ishi keskin faollashganini aytdi. Shu bilan birga, Kengash kotibiyati nafaqat investitsiya vazirligi bilan, balki boshqa vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilot va investorlar bilan ham bevosita ishlayapti.

“Shuning uchun Kotibiyatning mustaqilligini oshirib, uni alohida yuridik shaxs sifatida qayta tashkil etsak, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bu masala bo‘yicha ham sizlarning fikrlaringizni bilmoqchi edim”, – dedi u.

“Investorlar uchun ochiq, erkin, barqaror va ishonchli mamlakat”

Shavkat Mirziyoyev bugungi muloqotdan mamnunligini bildirdi.

“Har bir taklif va mulohaza batafsil ko‘rib chiqiladi. Hukumatimiz tomonidan alohida “yo‘l xaritasi” qabul qilinadi.

Yana bir bor ta’kidlamoqchiman: biz investorlar uchun ochiq, erkin, barqaror va ishonchli mamlakat – Yangi O‘zbekistonni barpo etmoqdamiz.

Bu yo‘lda boshlagan va ortga qaytmas tus olgan islohotlarimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz”, – dedi O‘zbekiston prezidenti.

Mavzuga oid