O‘zbekiston | 11:03 / 11.06.2025
2556
3 daqiqa o‘qiladi

Transport qiymatini baholash tartibi belgilandi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining «O‘zbekiston Yagona milliy baholash standartiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi buyrug‘i qabul qilindi.

Foto: Getty images

Yagona milliy baholash standarti transport vositalari qiymatini baholashga bag‘ishlangan yangi bo‘lim bilan to‘ldirildi (15-son MBS).

Xususan, shikastlangan transport vositalarining qiymatini baholashda baholovchi shikastlangan transport vositalarini ta’mirlash (tiklash) qiymatini va transport vositasiga yetkazilgan zarar miqdorini, shuningdek ularning tovar qiymati yo‘qotilishini aniqlaydi.

Baholash obektlarining bozor qiymatini aniqlashda ularni sotish bilan bog‘liq tashkiliy faoliyat (ommaviy savdolar, reklama va shu kabilar) xarajatlari hisobga olinmaydi.

Baholovchi baholash yondashuvlari va usullarini tanlash hamda qo‘llash uchun yetarli bo‘lgan hajmda baholash obekti to‘g‘risidagi axborotni va bozorga oid axborotni to‘playdi hamda tahlil qiladi.

Baholash obekti to‘g‘risidagi axborotning asosiy manbalari quyidagilardan iborat:

• buyurtmachi yoki boshqa vakolatli shaxs tomonidan taqdim etiladigan boshlang‘ich axborot;
• baholash obektini ko‘zdan kechirish chog‘ida baholovchi tomonidan olingan axborot;
• uchinchi shaxslar va tashkilotlardan olingan ma’lumotlar, shuningdek, OAV va internetda e’lon qilingan ma’lumotlar. 

Baholash obektini baholashda baholovchi qiyosiy, daromad va xarajat yondashuvlaridan birini qo‘llaydi.

Qiyosiy yondashuv analog obektlarning bozor qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlarga va ularning qiymatini taqqoslash elementlari bo‘yicha tuzatishga asoslangan qiymatni hisoblash usullari to‘plamidan iborat.

Daromad yondashuvi tijorat maqsadlarida foydalanilayotgan baholash obektining joriy qiymatini kelgusi daromadlar summasi sifatida aniqlashga asoslanadi. Baholash obekti qiymatini daromad yondashuvi bilan baholashda daromadni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kapitallashtirish usulidan foydalaniladi, baholash obekti qiymati esa sof operatsion daromad ko‘rsatkichini kapitallashtirish stavkasiga bo‘lish orqali aniqlanadi.

Xarajat yondashuvi transport vositasining qiymatini uning to‘liq takror ishlab chiqarish qiymatidan yoki almashtirish qiymatidan jami eskirishni chiqarib tashlash yo‘li bilan aniqlashga asoslangan.

Mavzuga oid