O‘zbekiston | 10:00 / 12.06.2025
10624
3 daqiqa o‘qiladi

14 yil to‘siq ortida qolgan vokzallar: Temir panjaralar nihoyat olib tashlandi, ammo nega endi?

O‘zbekiston temiryo‘l vokzallari nihoyat 14 yildan so‘ng temir panjaralardan xalos bo‘ldi. Vaqtida xavfsizlik niqobi ostida o‘rnatilgan bu to‘siqlar faqat temir emas, balki fuqarolar bilan davlat orasidagi psixologik devorga ham aylangandi.

Ochiq vokzallar – 2025 yilda

2025 yil 27 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident topshirig‘iga binoan barcha temiryo‘l vokzallari atrofidagi temir panjaralarni olib tashlash haqida qaror qabul qilindi. 12 kun ichida 23 ta vokzaldagi, umumiy hisobda 200–350 metrlik to‘siqlar olib tashlandi.

Hozirda obodonlashtirish ishlari boshlangan, avtotransport vositalarining vokzalga kirib-chiqishi uchun sharoitlar yaratilyapti. Bu, shubhasiz, ijobiy yangilik. Ammo...

Nega bu qadar kech?

Panjaralar 2011 yilda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida o‘rnatilgan edi. Biroq ortidan o‘tgan 14 yil mobaynida bu to‘siqlar xavf-xatarni bartaraf etishda samarasiz bo‘lib qoldi va aksincha, ko‘pchilik uchun vokzalni “faqat chiptasi borlar uchun” deb cheklangan hududga aylantirdi.

Yaqinlarini kuzatmoqchi yoki kutib olmoqchi bo‘lgan fuqarolar uchun vokzal — panjara ortidagi yopiq, kirish qiyin bo‘lgan joyga aylandi. Bu ayniqsa yoshi ulug‘ insonlar, bolali ayollar va yo‘lni topolmay sarson bo‘lganlar uchun katta noqulayliklar tug‘dirdi.

Paradoks shundaki – hech bir rivojlangan mamlakatda vokzallar atrofi panjara bilan o‘ralmaydi. Bugun Rossiya, Turkiya, Germaniya, Yaponiya yoki hatto qo‘shni Qozog‘iston vokzallarida bunday to‘siqlar yo‘q. Aksincha, vokzallar – shaharning markaziy nuqtasi, ochiq va erkin harakat hududidir. Kun.uz avvalroq bu haqida surishtiruv e’lon qilgan edi.

Qaror – yaxshi. Ammo tizimli fikrlash yetishmayapti

Bugungi qarorni olqishlash kerak – vokzallar panjaralarsiz, fuqarolarga ochiq va erkin bo‘lmoqda. Avtotransport uchun qulay kirish, tadbirkorlar uchun imkoniyatlar, servis sifatining oshishi – bularning barchasi hozir ijobiy natija beradi. Ammo bu masalaga davlat rahbarining e’tibor qaratishini, tashabbus ko‘rsatishini kutib o‘tirmaslik, muammoni kelib chiqishidan oldin hal qilish yanada yaxshi yechim bo‘ladi.

Temir panjaralar olib tashlandi. Bu faqatgina temir konstruksiyani emas, fuqaro va davlat orasidagi masofani qisqartirish, erkin fuqarolik jamiyati sari qo‘yilgan muhim qadamdir.

Mavzuga oid