O‘zbekiston | 16:12 / 12.06.2025
3147
2 daqiqa o‘qiladi

Energetika sohasida davlatga yetkazilgan zarar 471 mlrd so‘mdan oshdi

Yil boshidan buyon o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida tabiiy gaz va elektr enegriyasi sohasida yirik miqdordagi talon-torojliklar aniqlandi.

«O‘zenergoinspeksiya» tomonidan 2025 yil boshidan buyon o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida 1094 ta iste’molchi tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.

Qayd qilinishicha, qoidabuzarliklar oqibatida davlat manfaatlariga jami 471,2 milliard so‘m zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish qoidalarini buzganlik bilan bog‘liq 1 788 ta ma’muriy ish rasmiylashtirilgan va qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy choralar ko‘rilgan.

2025 yil may oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgan 229 ta holat aniqlanib, tizimga 94 milliard 887 million so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangan.

Jumladan, noqonuniy foydalanishlar oqibatida 35,6 million kVt soat elektr energiyasi (taxminan 57,9 milliard so‘m) va 13,2 million metr kub tabiiy gaz (taxminan 36,9 milliard so‘m) talon-toroj qilingan.

Energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzgan iste’molchilar bo‘yicha 448 ta ma’muriy ish rasmiylashtirilgan va hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.

Mavzuga oid