O‘zbekiston | 10:50 / 12.06.2025
2776
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chmas mulk obektlari savdosi tartibi o‘zgardi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining buyrug‘i bilan O‘zbekiston Rieltorlik xizmatlari milliy standarti "Ko‘chmas mulk obektlarining va ularga bo‘lgan huquqlar savdosini tashkil qilish"ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

"Qarzdorlik hisobiga banklar balansiga olingan mol-mulklar realizatsiyasini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorga muvofiq quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi:

  • savdolar tashkilotchisi sifatida mol egasi yoki mulkiy huquq sohibi yoxud ixtisoslashtirilgan tashkilot chiqishi mumkin. Oxirgisi mol egasi yoki mulkiy huquq sohibi bilan shartnoma asosida harakat qiladi va ular nomidan yoki o‘z nomidan chiqadi;
  • ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek ustav fondining 50 foizi va undan ortig‘i davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga tegishli yuridik shaxslarning ko‘chmas mulkini realizatsiya qilish E-auksion elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksionlar orqali amalga oshiriladi, auksionda sotilmay qarzdorlikni so‘ndirish evaziga bank balansiga olingan mol-mulkni bozor qiymati bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishdan tashqari;
  • qonunda belgilangan qoidalar buzilgan holda o‘tkazilgan auksion yoki tanlovlar manfaatdor shaxs da’vosi bo‘yicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Auksion yoki tanlovlarni haqiqiy emas deb topish auksion yoki tanlovlarda g‘olib chiqqan shaxs bilan tuzilgan shartnomaning haqiqiy emasligiga olib keladi.

Hujjat qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 10.06.2025 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid